Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qozog‘iston qutqaruvchilari avtobus ishdan chiqib qolgani sabab sovuq havoda og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarolariga yordam ko‘rsatdilar. Bu haqda respublika FVV matbuot xizmati xabar berdi.
Ertalab Qarag‘andi viloyati Shet tumani yaqinida avtobus ishlamay qolgani haqida xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga yetib kelgan qutqaruvchilar transport vositasi ichida 40 nafar yo‘lovchi, jumladan, Qozog‘iston va O‘zbekiston fuqarolari borligini aniqlashdi.
Yo‘lovchilar evakuatsiya qilinib, yaqin atrofdagi Aqsu-Ayuli qishlog‘iga yetkazildi. Yaxshiki, avtobusda bo‘lganlarning hech biri jabrlanmagan.