Qonuniy manfaatlar kafolati
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat —mas’uliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi bo‘ldi.
Mazkur qonun loyihasida mas’uliyati cheklangan jamiyatlarning faoliyatini yanada takomillashtirish, mavjud huquqiy bo‘shliqlarni to‘ldirish, sohaga rivojlangan davlatlarning tajribasini joriy qilishga oid huquqiy normalar aks etmoqda. Loyihada mas’uliyati cheklangan jamiyat nafaqat litsenziya, balki boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar va xabardor qilish tartibida faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkinligi, shuningdek, jamiyatlarning filial va vakolatxonalarini ochish tartiblari belgilanmoqda.
Deputatlar jamiyat ishtirokchilariga o‘z korporativ huquqlarini amalga oshirish to‘g‘risida korporativ shartnomalar tuzish huquqi berilayotgani, shuningdek, jamiyat ishtirokchilarining o‘rtasidagi nizoli vaziyat mediatsiya yoki hakamlik sudi tartibida ham hal etilishi mumkin etib belgilanayotganiga alohida e’tibor qaratdilar.
Xalq vakillari loyihada jamiyat kuzatuv kengashining qarorlari sirtdan ovoz berish yo‘li bilan (so‘rov yo‘li bilan) qabul qilish tartibini hamda ustav fondidagi ulushni boshqa shaxsga o‘tkazish to‘g‘risidagi bitim oddiy yozma shaklda amalga oshirilishi mumkinligining belgilanishi MCHJlarni samarali faoliyat ko‘rsatishiga xizmat qilishini qayd etdilar.
Qonun loyihasining qabul qilinishi jamiyat ishtirokchilari huquqlari va qonuniy manfaatlarining kafolatlarini yanada mustahkamlashga, jamiyat faoliyatida zamonaviy korporativ boshqaruv tizimini joriy etishga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.