Qonunchilik palatasida “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qonun loyihasi bilan “avtomobil yo‘llarini rejalashtirish” mexanizmi joriy etilib, yo‘l infratuzilmasini aholi va iqtisodiyotning o‘sib borayotgan ehtiyojlariga mos ravishda rivojlantirish nazarda tutilmoqda. Yo‘llarni loyihalashtirishda aholi fikri va atrof-muhitga ta’sirini inobatga olish hamda piyodalar uchun to‘siqsiz muhitni yaratish bo‘yicha qat’iy talablar o‘rnatilmoqda.
Shuningdek, qonun loyihasiga kommunikatsiya tarmoqlarini qurishda yo‘llarning avvalgi holatini tiklash xarajatlarini qoplash sharti kiritilmoqda. Yo‘llarda katta hajmli va og‘ir vaznli transport vositalarining harakatlanishi tartibga solinmoqda. Ajratilgan va yo‘l bo‘yi mintaqalarida xizmat ko‘rsatish obyektlarini joylashtirishga oid talablar belgilanmoqda.
Qonun loyihasining yana bir asosiy jihati, bu pulli yo‘llar tarmog‘ini barpo etishning huquqiy asoslari yaratilmoqda. Ushbu yo‘nalishda investorlarga imtiyozlar taqdim etilmoqda.
Munozaralar davomida deputatlar qonun loyihasining ahamiyati, ayni chog‘da zaruratiga alohida e’tibor qaratib, unda nazarda tutilayotgan ayrim normalar bo‘yicha bir qator savollarni o‘rtaga tashlashdi. Qonun tashabbuskorlari berilgan barcha savollar yuzasidan atroflicha tushuntirishlar berib, bildirilgan ayrim takliflar qonun loyihasini takomillashtirish va maromiga yetkazishda e’tiborga olinishini qayd etdilar.
Ushbu qonun loyihasi sohada davlat boshqaruvini yanada takomillashtirish, yo‘l sifatini yaxshilash orqali mavjud avtomobil yo‘llari tarmog‘ini uzoq vaqtgacha soz holda saqlab turish, pulli yo‘llar tarmog‘ini barpo etish hamda sohaga investitsiyalarni, shu jumladan to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilishga qaratilgan.
Bahs-munozaralar va savol-javoblardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.