Valyuta kurslari 21/08/2025
$1 – 12466.44
UZS – -0,47%
€1 – 14517.17
UZS – -0,77%
₽1 – 155.42
UZS – -0,35%
Qidirish
Iqtisod 13/08/2025 Qonunchilik palatasi “Aholini bandlik va innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi

Qonunchilik palatasi “Aholini bandlik va innovatsion tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligini ta’minlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlar ishlab chiqarishni kengaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.

Loyiha bilan amaldagi 2 ta kodeks va 3 ta qonunga tadbirkorlarga yengilliklar berishga qaratilgan bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Xususan, yuqori texnologiyalar asosida mahsulotlar ishlab chiqarishda tadbirkorlik subyektlariga foyda solig‘i va mol-mulk solig‘idan imtiyozlar berish taklif etilmoqda. Qolaversa, davlat muassasasi shaklida tuzilgan hududiy yaylov xo‘jaliklarining doimiy foydalanishdagi yaylov yerlarini yer solig‘idan ozod qilish nazarda tutilyapti.

Shuningdek, yengil sanoat va xizmatlar sohasini, ipoteka bozori va farmatsevtika mahsulotlarini ishlab chiqaruvchilar va kreativ parkning rezidentlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan soliq imtiyozlarini taqdim etish belgilab qo‘yilmoqda.

Shu bilan birga, loyihada aylanmadan olinadigan soliq yoki qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi yakka tartibdagi tadbirkor moliya-xo‘jalik faoliyatini amalga oshirmaganligi sababli belgilangan tartibda davlat soliq organining taqdimnomasiga asosan harakatsiz rejimga o‘tkazilgan paytdan e’tiboran bir yil ichida (amalda uch yil)o‘z faoliyatini tiklamagan taqdirda, u ro‘yxatdan o‘tkazuvchi organning qaroriga ko‘ra tugatilishi mumkinligi belgilab qo‘yilmoqda.

Bunday o‘zgartirish mamlakatda tadbirkorlik faolligini to‘g‘ri baholash, iqtisodiy va statistik ko‘rsatkichlarning to‘g‘ri shakllanishiga hamda yashirin iqtisodiyotni qisqartirishga ijobiy ta’sir ko‘rsatadi.

Qonun loyihasida mehnat bozoriga kirib kelayotgan yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida ayrim sohalardagi tadbirkorlik subyektlariga o‘ttiz yoshdan oshmagan xodimlarni ishga qabul qilgani uchun ijtimoiy soliq stavkasini 1 foiz miqdorida belgilash taklif etilayotgani deputatlar tomonidan ma’qullandi.

Majlisda loyihada belgilanayotgan normalar tadbirkorlik subyektlarini qo‘llab-quvvatlash orqali aholi bandligini ta’minlash hamda yuqori qo‘shilgan qiymatli tovarlar ishlab chiqarilishini kengaytirish, mehnat bozorida yangi ish o‘rinlarining oshishiga xizmat qilishi qayd etildi.

Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling