Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Yer kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqilmoqda.
Qonun loyihasi bilan sug‘oriladigan yer uchastkalarini boshqa toifaga o‘tkazish bo‘yicha talablar qonun darajasida yanada kuchaytiriladi, toifasi o‘zgartirilgan yer uchastkalaridan kelgusida foydalanish bo‘yicha aniq shartlar qo‘yiladi. Qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarini foydalanish turiga qarab 2 guruhga, ya’ni qishloq xo‘jaligi yer uchastkalari va qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi yerlarga bo‘lish bo‘yicha aniq normalar kiritilmoqda.
Bundan tashqari, sug‘oriladigan yerlarni qat’iy muhofaza qilish, bunday yerlardan boshqa maqsadlarda foydalanish masalasini faqatgina sug‘oriladigan yerlarning suv ta’minoti va tuproq sifatida bilan bog‘liq jiddiy o‘zgarishlar yuz bergan taqdirda ko‘rib chiqilishi yuzasidan huquqiy normalar belgilanmoqda.
Loyihada zaxira fondi tarkibidagi yer uchastkalari hamda yer uchastkasiga bo‘lgan huquq bekor qilinishi munosabati bilan tumanlar va shaharlar davlat hokimiyati organlari tasarrufiga qaytgan bo‘sh turgan yer uchastkalari o‘rtasidagi farqni aniq belgilab qo‘yish ham nazarda tutilyapti.
Qonun loyihasining qabul qilinishi bilan mamlakatimizda qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarida qishloq xo‘jaligiga xizmat ko‘rsatuvchi obyektlarni joylashtirish, qishloq xo‘jaligi yer uchastkalaridan sanoat yerlariga o‘tkazishning talab etilishi va yer uchun haq to‘lash yer uchastkalarini olganlik uchun haq va yerdan foydalanganlik uchun haq to‘lash kabilarning huquqiy asosi yaratiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.