Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda jinoyat ishini yuritish chog‘ida shaxsni qiynoqqa solish holatlarining oldini olishga qaratilgan qonun loyihasining muhokamasi ham qizg‘in kechdi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda inson huquq va erkinliklari kafolatlarini yanada kuchaytirish, jumladan, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash holatlariga mutlaqo yo‘l qo‘ymaslik maqsadida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Bu borada, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz qabul qilinishi bilan inson sha’ni va qadr-qimmati daxlsizligi kafolatlari yanada mustahkamlandi.
Mazkur qonun loyihasi bilan “Jinoyat ishini yuritish chog‘ida qamoqda saqlash to‘g‘risida”gi Qonunga tegishli qo‘shimchalar kiritish orqali, shaxsni tergov hibsxonasiga joylashtirishdan oldin uni tergov hibsxonasining o‘zida majburiy tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish tartibi belgilanmoqda.
Shuningdek, tibbiy ko‘rik davomida shaxsning tanasida jarohat va shikastlanishlar aniqlangan taqdirda zudlik bilan prokurorga xabar berilishi tartibi o‘rnatilyapti.
Qonun loyihasi jinoyat sodir qilishda gumon qilinib, ushlab turilgan shaxslarga nisbatan qiynoqqa solish bilan bog‘liq qonunchilikka zid xatti-harakatlar sodir etilishining oldini olishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishda qabul qilindi.