Qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish bo‘yicha xalqaro loyiha joriy etilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Qishloq xo‘jaligi vazirligida vazirlik mas’ullari hamda Janubiy Koreyaning "TG Co.,Ltd" kompaniyasi vakillari o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda ikki tomonlama hamkorlik masalalari va yangi loyihani joriy etish borasida muhokamalar olib borildi.
Muloqot davomida "Toshkent viloyatida iqlim o‘zgarishiga javob beruvchi fazoviy ma’lumotlarga asoslangan raqamli qishloq xo‘jaligi platformasini yaratish" xalqaro grand loyihasini amalga oshirish bo‘yicha dastlabki taqdimot o‘tkazildi.
Loyihaning asosiy maqsadi qishloq xo‘jaligi yerlari ma’lumotlarini raqamlashtirish orqali samarali boshqaruvni yo‘lga qo‘yish, iqlim o‘zgarishiga moslashish uchun geoaxborot tizimlari va sun’iy intellekt texnologiyalaridan foydalangan holda ekin maydonlarini monitoring qilish, hosildorlikni oshirish, zararkunandalar va kasalliklarning oldini olish kabi jarayonlarni bashorat qilishdan iborat.
Shuningdek, loyiha doirasida Toshkent viloyatida fazoviy ma’lumotlarga asoslangan raqamli qishloq xo‘jaligi platformasi konsepsiyasini ishlab chiqish rejalashtirilgan. Buning uchun qishloq xo‘jaligi xizmatlari bilan bog‘liq qonunchilik bazasi va axborot tizimlari bo‘yicha tadqiqotlar olib boriladi.
Bundan tashqari, loyiha doirasida sun’iy intellekt texnologiyalarini joriy etish, ikki davlat mutaxassislarining malakasini oshirish hamda seminar-treninglar tashkil etish kabi takliflar ilgari surildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar loyihani belgilangan rejaga muvofiq amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishdilar.