«Qatʼiy, tezkor, dabdabasiz» – “Siti” muxlislari Xusanovdan hayratda
Surat: Manchester City
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — «Manchester Siti» muxlislari “Nyukasl” ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng o‘zbek himoyachisi Abduqodir Xusanovning o‘yinidan mamnunlik bildirmoqda.
Erling Xoland va Omar Marmush boshchiligidagi hujum chizig‘i raqib himoyasini parchalab tashlagan bir paytda, himoyachilar o‘z vazifasini ishonchli bajardi.
O‘yinda asosiy figuralardan biri bo‘lgan Xusanov butun o‘yin davomida maydonda qolib, ajoyib statistikani namoyish etdi: 94% aniq uzatmalar, final uchdan bir qismiga 3 ta uzatma, 100% yutib olingan kurashlar, 8 ta himoyaviy harakat va driblingda birorta ham yutqazilgan vaziyat yo‘q.
“Chelsi” va «Leyton Oriyent»ga qarshi uchrashuvlardagi asabiylikdan farqli ravishda, bu gal o‘zbek himoyachisi ancha ishonchli ko‘rindi. Hujumchilarga bo‘lgan eʼtiborga qaramay, aynan Xusanov muxlislar tomonidan eng ko‘p maqtovga sazovor bo‘ldi.
«Bizda himoyada ikki general bor. Xusanov va Stounz – bu aqlbovar qilmas daraja!» – deb yozadi bir muxlis ijtimoiy tarmoqda.
Yana biri uni klubning afsonaviy kapitani bilan taqqosladi: «Xusanov bizning yangi Vinsent Kompani bo‘ladi.»
«Debyut o‘yinida u ancha hayajonlangan edi, ammo bugun u ancha ishonchli ko‘rindi», – deb yozadi yana bir boshqa muxlis.
Maqtovlar to‘xtamadi: «Kurashlarda kuchli, birga-bir vaziyatlarda xotirjam, Rikoni aʼlo darajada sug‘urta qiladi va to‘p bilan ishlashda mukammal.»
«Xusanov – mening ideal himoyachim: qatʼiy, tezkor, dabdabasiz, o‘z vazifasi va imkoniyatlarini aniq tushunadi», – deb taʼkidladi yana bir ishqiboz.
Gvardiola himoyachilarga katta mablag‘ sarflashi bilan mashhur, ammo Xusanovning Aleksandr Isak va sheriklariga qarshi o‘yinini hisobga olsak, ispaniyalik murabbiyga yangi himoyachi izlashning hojati bo‘lmasligi mumkin.