Providens sudyasi Frank Kaprio 88 yoshida vafot etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Dunyo bo‘ylab “eng mehribon sudya” sifatida tanilgan sudya Frenk Kaprio 88 yoshida AQSHda vafot etdi.
Uning rasmiy Facebook sahifasida maʼlum qilinishicha, o‘lim sababi onkologik xastalik — oshqozon osti bezi saratoni bo‘lgan.
Kaprio jahon miqyosida «Providensda qo‘lga olinganlar» teleloyihasi orqali mashhurlikka erishgan. Uning ayrim chiqishlari ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqaldi va millionlab ko‘rishlar to‘pladi. Xususan, TikTok platformasida uning 1,6 million obunachisi bor edi. Sudya o‘zining insonparvar yondashuvi, muloyimligi va sud jarayoni ishtirokchilariga nisbatan eʼtibori bilan keng omma muhabbatini qozongan.
Sudyaning amaliyoti asosida yaratilgan teleshou 2000 yilda efirga uzatilgan bo‘lib, to‘rt marta kunduzgi “Emmi” mukofotiga nomzod qilingan. Frenk Kaprio 1985 yildan 2023 yilga qadar Providens shahar munitsipal sudida faoliyat olib borgan. 2024 yil dekabrida u og‘ir tashxisi haqida ochiq maʼlumot berib, qo‘llab-quvvatlagan barcha insoniyatga samimiy minnatdorlik izhor etgan.
Uning vafotidan so‘ng eʼlon qilingan rasmiy murojaatda taʼkidlanishicha, Frenk Kaprio qoldirgan maʼnaviy meros odamlarning ezgu ishlarida yashaydi. Uning insonparvarlik va rahm-shafqat namunasi esa kelgusi avlodlarga ham o‘tib boraveradi.