Prezidentimiz O‘zbekiston bilan Fransiya ishbilarmonlari o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirish muhimligini qayd etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Parij shahriga tashrif davomida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Fransiya ishbilarmon doiralarining yetakchi vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Davlatimiz rahbari 2018 va 2022-yillarda ushbu mamlakatga rasmiy tashriflari hamda 2023 yilgi Samarqand sammitida ham Fransiya tadbirkorlari bilan uchrashgan edi.
Bugungi forum ana shu ochiq va konstruktiv muloqotning davomi bo‘ldi. Bu galgi uchrashuv unda O‘zbekistonning xususiy kompaniyalari rahbarlari va vakillari ham ishtirok etgani bilan ajralib turadi.
Tadbirda Fransiyaning tashqi savdo va xorijdagi fransuz fuqarolari ishlari bo‘yicha vazir-delegati Loran Sen-Marten, Fransiya taraqqiyot agentligi bosh direktori Remi Riu, "MEDEF International" rahbari - "Orano Mining" kompaniyasi boshqaruvi raisi Klod Imoven, shuningdek, ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari, investitsiya va bank-moliya institutlarining 60 dan ortiq rahbarlari va vakillari ishtirok etdi.
Fransiya biznesi tomonidan SUEZ, Veolia, Total, EDF, Voltalia, Orano, Meridiam, Saint-Gobain, Imerys, Natixis, Société Générale, BPI France, Airbus, MND, Eiffage, Schneider Electric, Total Energies, Alstom, Technip Energies, Egis, ADP Group, Ellipse Projects, Assystem, ATR va boshqa kompaniyalar qatnashdi.
Davlatimiz rahbari o‘z nutqida Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron bilan o‘tgan samarali muzokaralarni yuksak baholab, ishbilarmonlik tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash va qo‘shma kooperatsiya loyihalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi.
Uchrashuvning asosiy natijasi sifatida O‘zbekiston-Fransiya munosabatlarini strategik sheriklik darajasiga ko‘tarish haqida tarixiy qaror qabul qilindi.
Ko‘p qirrali hamkorlikni kengaytirishda ikki mamlakat yetakchi kompaniyalari muhim o‘rin tutayotgani qayd etildi.
Fransiya ishbilarmon doiralari vakillariga Yangi O‘zbekistondagi ortga qaytmas iqtisodiy islohotlar strategiyasini qo‘llab-quvvatlayotgani uchun minnatdorlik bildirildi.
Joriy yil yanvar oyida "MEDEF" tarkibidagi yirik kompaniyalar rahbarlarining Toshkent shahriga tashrifi natijalari yuksak baholandi.
Fransiya kompaniyalari bilan mamlakatimiz iqtisodiyotining strategik tarmoqlarida qator qo‘shma loyihalar amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Ushbu mamlakat investitsiyalarini faol jalb etish va ilg‘or texnologiyalarni joriy etish, Fransiya korxonalarining yechimlari, to‘plangan katta tajriba va bilimlarini qo‘llashdan O‘zbekiston manfaatdor.
O‘zbekiston Prezidenti Fransiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish muhimligini ta’kidladi.
Fransiya kompaniyalari bilan 2027-yilgacha bo‘lgan davrga mo‘ljallangan innovatsion va sanoat kooperatsiyasi dasturi bunga xizmat qiladi. Unga umumiy qiymati 6,5 milliard yevro bo‘lgan aniq yo‘nalish va loyihalar kiritilgan.
Dasturni amalga oshirish doirasida Fransiyaning yetakchi bank va moliya tashkilotlarini faol jalb qilgan holda biznes tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlashning samarali vositalari keng joriy etilishi ko‘zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari muhim mineral resurslarning istiqbolli konlarini o‘zlashtirish va ularni chuqur qayta ishlash, qurilish materiallari, kimyo va farmatsevtika tarmoqlari, elektrotexnika sanoati, qishloq xo‘jaligida zamonaviy ishlab chiqarishlarni tashkil etish va boshqalarni O‘zbekiston-Fransiya ishbilarmonlik hamkorligini yanada rivojlantirishning istiqbolli yo‘nalishlari sifatida ko‘rsatib o‘tdi.
Energetikada energiya ishlab chiqarish va saqlash quvvatlarini kengaytirish, O‘zbekiston hududlarida suv xo‘jaligi, kommunal, turizm, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish hamkorlikni rivojlantirishda katta salohiyatga ega.
- Ikki mamlakat kompaniyalari ishtirokidagi loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va jadallashtirish maqsadida doimiy faoliyat yuritadigan O‘zbekiston-Fransiya investitsiya kengashini ta’sis etishni taklif qilaman. Biz tomondan unga O‘zbekiston Bosh vaziri rahbarlik qiladi. Birinchi uchrashuvni iyun oyida Toshkent xalqaro investitsiya forumi doirasida o‘tkazishimiz mumkin. Barchangizni tashkil etilayotgan kengashning to‘la huquqli a’zosi sifatida bo‘lajak tadbirda faol ishtirok etishga taklif etaman, - dedi davlatimiz rahbari.
O‘z navbatida, Fransiya ishbilarmon doiralari vakillari hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha aniq taklif va rejalarini bayon qildi.
Davlatimiz rahbari ishbilarmon doiralar vakillariga muvaffaqiyatlar tilab, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlariga O‘zbekiston Hukumati tomonidan tasdiqlanadigan "yo‘l xaritalari" asosida erishilgan kelishuvlar ijrosi ustidan nazoratni ta’minlash bo‘yicha topshiriqlar berdi.