Prezident: Xorazmning turizm eksport salohiyati 2 milliard dollarni tashkil etadi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida Xorazm viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor vazifalariga bag‘ishlangan yig‘ilish boshlandi.
“Xorazm – shonli tariximiz bilan yangi islohotlarimiz tutashgan chorraha, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Logistika zanjirlaridan uzoqda, tabiiy resurslari cheklangan bu diyorda o‘tgan yili “Kichik va o‘rta biznes yili” bo‘ldi, deyish uchun barcha asoslarimiz bor”, - dedi davlatimiz rahbari.
2024 yili viloyatda 7 ming yangi tadbirkor ish boshladi, 47 ta korxona kichikdan o‘rtaga o‘tdi, 10 dan ortiq tadbirkorning aylanmasi 200 milliard so‘mdan oshdi. Bularning hisobiga viloyatda bir yil ichida 290 ming aholi ishli bo‘ldi.
Lekin, katta o‘zgarishlarga qaramasdan viloyatda kambag‘allik hali ham 12 foiz atrofida, 45 ming fuqaro ishsiz ekani, aylanmasi 1 trillion so‘mdan oshgan atigi 1 ta korxona borligi qayd etildi.
Shu bois, viloyat rahbariyati, 13 ta tuman hokimi har bir imkoniyatni loyihaga aylantirib, yangi ish o‘rinlari yaratishi, sanoat, servis, turizm, qishloq xo‘jaligi, eksport salohiyatini yana-da oshirish, ijtimoiy soha va infratuzilmadagi muammolarni hal qilish uchun qatʼiyat va masʼuliyat bilan harakat qilishi shartligi ko‘rsatib o‘tildi.
Mamlakatimizda turizm eksporti salohiyati 10 milliard dollar bo‘lsa, shuning 2 milliard dollari aynan Xorazmga to‘g‘ri kelishi taʼkidlandi. Lekin bu to‘liq ishga solinmayotgani qayd etildi. O‘tgan yili faqat 1,3 million xorijiy turist kelgan va eksport 400 million dollarga ham yetmagan.
Vaholanki, masʼullarda Xorazmni mintaqadagi yetakchi turistik markazlardan biriga aylantirish uchun imkoniyatlar yetarli ekani qayd etildi.
Viloyatda jami 263 ta madaniy meros obyekti mavjud. Bundan samarali foydalanib, turizm xizmatlarini tashkil etayotgan tadbirkorlar ko‘p. Lekin, Xiva shahri, Xiva va Yangiariq tumanlari hokimlari salohiyati yuqori 14 ta obyektni tadbirkorlar bilan turistik maskanga aylantirish bo‘yicha ishlamayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Shu bilan birga, Xorazmdagi ko‘plab madaniy yodgorliklar hali o‘rganilmay turibdi. Hazoraspdagi “Sulaymon qalʼa”, Bog‘otdagi “Qalajik qalʼa” kabi tarixiy maskanlar, Yangiariqdagi “Xon bog‘i”, “Olma otishgan qalʼa” tarixiy obyektlari haqida maʼlumot kam.
Shu maqsadda tashkil etilgan O‘zbekiston tarixchilar jamiyatining Xorazm bo‘limi faoliyati davlat byudjetidan taʼminlanishi belgilandi.
Mutasaddilarga chet eldan tajribali arxeologlarni jalb qilib, tarixiy obidalarni aniqlash va tiklash bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash topshirildi.
Xorazm va Qoraqalpog‘iston hududidagi 8 ta qadimiy qalʼalarni o‘zaro bog‘lovchi to‘rt kunlik “Qalʼa tur” marshruti ishlab chiqiladi. Ushbu qalʼalar atrofida master-reja asosida xizmat ko‘rsatish obyektlari ishga tushiriladi.
Viloyatda gastronomik turizmni rivojlantirish uchun ham katta salohiyat borligi taʼkidlandi.
“Arda Xiva” majmuasiga viloyatlardan bittadan restorator olib kelish, Xiva shahrining Mevaston va Gazchi mahallalarida bir necha restoranlardan iborat 2 ta zamonaviy “fud-kort” tashkil qilish muhimligi qayd etildi.
Milliy taomlarimizni xorijda tanitayotgan restoratorlar qo‘llab-quvvatlanadi.
Mutasaddilarga xorijda o‘zbek restoranlarini tashkil qilishda ro‘yxatdan o‘tish, ruxsatnoma va faoliyatini yo‘lga qo‘yish bilan bog‘liq xarajatlarning bir qismini qoplab berishni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Xorazmda 40 dan ortiq hunarmandchilik yo‘nalishlari rivojlangan bo‘lib, sayyohlar mahsulot tayyorlash jarayoniga ham qiziqadi.
Shu munosabat bilan Mevaston mahallasida 6 gektar yerda Hunarmandchilik markazi tashkil etiladi.
Har yili hunarmand shogirdlarni tayyorlashga 1 milliard so‘m ajratib boriladi.
Viloyatda birorta xalqaro brendli mehmonxona yo‘qligi ko‘rsatib o‘tildi.
Xorazmda yangi qurilgan mehmonxonalarni subsidiyalash davom ettirilishi belgilandi. Buning hisobiga yil yakunigacha 2,5 ming o‘rinli 40 ta mehmonxonani ishga tushirish, shundan kamida 2 tasi brend mehmonxona bo‘lishi shartligi qayd etildi.
Sayyohlar issiq kunlarda viloyatda suzish havzalari yetishmasligini aytishadi. Shu bois mehmonxona va ko‘ngilochar maskanlar hududida basseyn qurish xarajatining bir qismi ham qoplab beriladi.
Xorazmda xitoy, arab, yapon, ispan tilini biladigan gid, ofitsiant, savdo va servis xodimlariga ham talab oshmoqda. Gid-ekskursavodlar asosan ingliz, rus va fransuz tillarida xizmat ko‘rsatadi. Ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifati, xodimlarning etikasi bo‘yicha ham savollar ko‘pligi qayd etildi.
Shuning uchun Xiva turizm texnikumida yiliga 100 nafar gid, yana shuncha servis xodimini kamida 5 ta talab yuqori tilga o‘qitish zarurligi taʼkidlandi.
Xorazmda turizmning jadal rivojlanishi uchun eng katta to‘siq, bu – transport ekani qayd etildi.
Urganchga Rossiya, Turkiya, Italiya, Ispaniya va Fransiyadan aviaqatnovlar qo‘yilgani natija berdi. Lekin, reys yo‘qligi uchun Germaniya, Xitoy, arab davlatlaridan minglab turist yo‘qotilayapti.
Mutasaddilarga Frankfurt, Urumchi, Pekin, Abu-Dabidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri reys qo‘yish taklifini kiritish, turistik mavsumda Istanbuldan kunlik qatnovni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Urganch aeroporti Koreyaning Inchxon aeroportiga xususiy sheriklikka berilmoqda. Ushbu aeroport milliy meʼmorchilik anʼanalariga mos holda rekonstruksiya qilinadi.
Masʼullarga ishlar boshlanishini kutib o‘tirmasdan, Koreya aviakompaniyalarini jalb qilish, samolyot va aeroportdagi servis xodimlarini malaka oshirish uchun Koreyaga yuborishni boshlash, yangi o‘quv yilidan Xorazmdagi transport va servis texnikumlarida Koreya tajribasi asosida kadr tayyorlashni yo‘lga qo‘yish topshirildi.
Mahalliy reyslarning 95 foizi “Havo yo‘llari” va “Silk avia” aviakompaniyalariga to‘g‘ri keladi. Qolgan 14 ta reysni 4 ta mahalliy aviakompaniya amalga oshirayapti.
Sababi, ichki reyslar jozibador emasligi uchun xususiy kompaniyalar asosan xorijga qatnayapti. Ichki bozorda raqobat bo‘lmagani uchun, Toshkent-Urganch yo‘nalishida bir hafta oldin chipta qolmaydi, narxi qimmat.
"Bu holatda xorijiy turist u yoqda tursin, mahalliy sayyohlar ham boshqa davlatga borishni afzal ko‘radi", - dedi Prezident.
Shu munosabat bilan mutasaddilarga xususiy kompaniyalarni jalb qilib, Toshkentdan Urganchga qatnovlarni 2 karra oshirish topshirildi.
Barcha rezident kompaniyalarga ichki reyslarni subsidiyalash bo‘yicha qaror ishlab chiqib, kiritish vazifasi qo‘yildi.
Shuningdek, dam olish kunlari poyezdlar tarkibiga qo‘shimcha vagon ulab, yo‘lovchi tashishni 1,5 barobarga ko‘paytirish topshirildi.
Qoraqalpog‘istondan Xorazmga keladigan yo‘l sifati yomonligi bois yiliga qo‘shimcha 300-400 ming turist jalb qilish imkoniyati yo‘qotilayotgani qayd etildi.
Masʼullarga “Urganch – Gurlan – Mang‘it” yo‘lini rekonstruksiya qilish bo‘yicha Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki bilan muzokara o‘tkazish, 10 ta tumanni o‘zaro bog‘lovchi ichki yo‘llarni taʼmirlash uchun Osiyo infratuzilma va investitsiya bankidan 75 million dollar jalb qilish topshirildi.
Xorazmning 13 ta tuman va shahar hokimlarining birinchi o‘rinbosarlari turizm va servis bo‘yicha ilg‘or tajribani, muhitni o‘rganish uchun Ispaniya, Italiya, Fransiya kabi davlatlarga yuborilishi belgilandi.
Keyinchalik bu tizim barcha turizmga ixtisoslashgan hududlarda joriy qilinadi.
Umuman, joriy yilda Xorazmda jami 200 million dollarlik 91 ta loyihani ishga tushirish; 2 million xorijiy va 10 million mahalliy sayyohni jalb qilib, turizm eksportini 700 million dollardan oshirish; turizm va xizmatlar sohasida 100 mingta yangi ish o‘rni yaratish mutasaddilarning asosiy vazifasi bo‘lishi belgilandi.
Yig‘ilishda iqtisodiy kompleks masalalari ko‘rib chiqildi.
Viloyatda 2025 yilda:
- kamida 6 foiz iqtisodiy o‘sishni taʼminlab, yalpi hududiy mahsulotni 60 trillion so‘mdan oshirish;
- ishlab chiqarishni 6,5 foiz, savdo va xizmatlarni 15 foizga o‘stirish;
- 265 ming aholini band qilib, 104 ming odamni kambag‘allikdan olib chiqish;
- aylanmasi 100 milliard so‘mdan oshgan tadbirkorlarni 50 nafarga, 500 milliard so‘mdan oshganini 10 nafarga yetkazish asosiy vazifa bo‘lishi belgilandi.
“Eng asosiysi, bu ishlarning natijasini odamlar kundalik hayotida his qilishi kerak”, - dedi Prezident.
Xususiylashtirish dasturiga asosan 2025 yilda Xorazmda 41 ta davlat binosi, 350 gektar yer uchastkasi savdoga qo‘yilmoqda.
“Bu xizmat ko‘rsatish, turizm va ishlab chiqarish sohalari uchun katta imkoniyat”, - dedi davlatimiz rahbari.
Masalan, Urganch shahridagi o‘rganishlar natijasida 61 ming kvadrat maydoni, 21 gektar yeri bo‘lgan 45 ta davlat binosi aniqlandi. Ular negizida mehmonxona, xizmat ko‘rsatish va savdo markazlari, ko‘ngilochar maskanlar qurib, kamida 500 kishini band qilish mumkinligi taʼkidlandi.
Xiva shahrida faqat turistlarga xizmat ko‘rsatadigan obyektlar bo‘lishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi. Angarik mahallasidagi bo‘sh maydonda maʼmuriy binolar qurilib, Xiva shahridagi barcha davlat tashkilotlari shu yerga ko‘chiriladi.
Mutasaddilarga Urganch, Xivadagi barcha maʼmuriy binolarni savdoga chiqarish bo‘yicha katta dastur ishlab chiqish topshirildi.
So‘nggi sakkiz yilda Xorazmda mebel sanoati 3 karra o‘sgani taʼkidlandi. O‘tgan yili 311 ta korxona qariyb 300 milliard so‘mlik mebel ishlab chiqardi. Mebelchilikka ixtisoslashgan 9 ta mahallada 2 mingdan ortiq aholi band.
Xonqadagi 10 gektar yerda “Mebelchilik zonasi” tashkil etildi, 5 ta mahalladagi mebelchilar ushbu zonaga ko‘chib o‘tdi. Bu yerda ustoz-shogird amaliyotini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha 3 qavatli o‘quv binosi ham qurildi.
Mebelchilik maktabi uchun xorijdan dizayner, marketolog, injener-texnolog olib kelish topshirildi.
Mebel korxonalarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida ular uchun chetdan yog‘och va yog‘och materiallarini markazlashgan holda olib kelish yo‘lga qo‘yiladi.
Viloyatda yiliga 16 ming yangi oila paydo bo‘layapti, 7 mingdan ziyod xonadon qurilayapti, yana shunchasi taʼmirdan chiqarilayapti. Shu munosabat bilan mahalliy mebelchilarni yangi qurilayotgan uy egalari va developerlar bilan bog‘laydigan tizim yaratiladi.
Yig‘ilishda investitsiya va eksport masalalari muhokama qilindi.
“Hozir jahondagi murakkab sharoitda kim innovatsiya va investitsiya jalb qilsa, o‘sha g‘olib bo‘layapti”, - dedi Prezident.
Joriy yilda Xorazmda:
- 900 million dollarlik 12 ta yirik, 480 ta hududiy loyihani ishga tushirish;
- 65 turdagi mahsulot, 5 turdagi uskuna ishlab chiqarishni boshlab, mahalliylashtirish hajmini 1,7 trillion so‘mga olib chiqish;
- 510 million dollarlik eksportni taʼminlash;
- xorijiy investitsiyani 1,5 milliard dollarga yetkazish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
O‘tgan yilgi investitsiyalarning yarmidan ko‘pi Urganch shahri, Qo‘shko‘pir va Urganch tumaniga to‘g‘ri kelgan.
Lekin infratuzilmasi yaxshi Gurlanda atigi 40 million dollar, 250 gektardan ortiq sanoat zonasi bo‘lgan Hazoraspda 30 million dollar, 2 mingdan ortiq tadbirkori bo‘lgan Xonqada 10 million dollar investitsiya bo‘lganiga eʼtiroz bildirildi.
Shu bois, bu tuman hokimlari o‘zgartirilgan edi. Yangi rahbarlar uchun bu yil sinov bo‘lishi qayd etildi.
Qo‘shko‘pirdagi 175 gektarda “O‘zbekiston – Xitoy texnoparki” tashkil qilinmoqda. Bu yerda 1 milliard dollarlik 16 ta investitsiya loyihalari bo‘ladi.
“Hazorasp” erkin iqtisodiy zonasida ham barcha sharoiti bo‘lgan tayyor yer bo‘sh turibdi. Bu yerga yuqori qo‘shilgan qiymat beradigan loyihalarni joylashtirish kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yaqin yillarda mis ishlab chiqarish 2 karra oshishi kutilmoqda. Hozirdan tayyorgarlik ko‘rib, misdan eksportbop tayyor mahsulot chiqaradigan yangi quvvatlar yaratish lozimligi qayd etildi. Chunki Xorazm Yevropa bozoriga chiqishda qulay logistikaga ega.
Viloyatda xuddi Ohangarondagi kabi misni qayta ishlash klasteri tashkil qilinishi belgilandi.
Xorazmda kimyo sanoati bo‘yicha katta-katta loyihalar reja qilingan. Ularni amalga oshirish orqali tarmoq viloyatning “drayveri”ga aylantiriladi.
Shu yil Tuproqqalʼada 10 milliard dollarlik gaz-kimyo majmuasini qurishning (MTO) 1-bosqichi boshlanadi. Bunda yiliga 2 million tonna 14 turdagi yuqori qo‘shilgan qiymatli bazaviy polimer mahsulotlari ishlab chiqariladi.
Bundan tashqari, Hazoraspdagi 10 gektarda kimyo texnoparki tashkil etiladi, u yerda polimer mahsuloti ishlab chiqarish bo‘yicha 100 million dollarlik loyihalar bo‘ladi.
Xorazmdagi 663 ta qurilish materiallari korxonasi o‘tgan yili 1,1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarib, viloyatning “drayver” tarmoqlaridan biriga aylandi.
Buni yana-da ko‘paytirib, 100 million dollarlik 40 ta loyihani boshlash, bu yil ishlab chiqarishni 1,5 trillion so‘mga yetkazish vazifasi qo‘yildi.
Slovakiya kompaniyasi Tuproqqalʼaga 10 million dollar kiritib, 500 gektar qumli yerni o‘zlashtirishni boshladi.
Ushbu investor 170 million dollar hisobiga yana 4,5 ming gektar qumli yerni foydalanishga kiritib, raps o‘simligini ekish va undan
bioetanol ishlab chiqarishni reja qilgan.
Masʼullarga bu loyiha uchun zarur ko‘makni ko‘rsatish topshirildi.
Prezident Tuproqqalʼadagi “Damas” zavodi bo‘yicha katta yangilikni aytdi. Bu zavodda 100 million dollar hisobiga bozorda katta talabga ega arzon avtomobil ishlab chiqarish boshlanadi.
Avtomobil Yevro-5 ekologik standartiga javob beradi, 7 o‘rindiqqa ega bo‘ladi.
Mutasaddilarga joriy yilda hamkorlar bilan muzokarani yakunlab, keyingi yilda yirik uzelli yig‘ish usulida ishlab chiqarishni boshlash, 2027 yilda to‘liq siklga o‘tib, mahalliylashtirishni 50 foizga olib chiqish topshirildi.
Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Joriy yilda viloyatda 60 million dollarlik 56 ta loyihani ishga tushirish, 3 ming 400 gektar yerlarni qayta foydalanishga kiritish, 31 kilometr katta kanal va 1 ming 600 kilometr ichki ariqni betonlashtirish, 1 ming 200 gektar sanoatlashgan mevali bog‘larni tashkil qilish zarurligi qayd etildi.
Ekin ekishda suvni iqtisod qilish bo‘yicha Xorazm o‘z tajribasini yaratgani eʼtirof etildi. Yerlarning 93 ming gektari lazerli tekislashga o‘tgan, 196 ming gektarga suv tejovchi texnologiya o‘rnatilgan.
Ushbu ishlar hisobiga yiliga 1 milliard kub metr suv iqtisod bo‘lmoqda.
Joriy yildan sholi maydonlarini lazerli tekislash uchun gektariga 1 million so‘mdan subsidiya berish boshlandi. Endi bu paxta va g‘alla maydonlari uchun ham joriy qilinishi belgilandi.
Avstriyaning “Bauer” kompaniyasi bilan Xorazmda 7,5 ming gektarda yomg‘irlab sug‘orish texnologiyasini joriy qilish bo‘yicha kelishuvga erishildi.
Bunday texnologiya sinov tariqasida respublikadagi 24 ta fermerning 2,5 ming gektar maydonida joriy qilinib, suv sarfi 40 foizga, o‘g‘it sarfi 35 foizga, qo‘l mehnati 90 foizga kamayib, hosildorlik 25 foizga oshgan.
Bunda fermerlarga jami 15 million yevrolik yomg‘irlatib sug‘orish texnikalari tayyor o‘rnatilib, lizing asosida so‘mda yillik 2,5 foiz stavkada 10 yil muddatga beriladi.
Avstriya texnikalari uchun 10 yilga kafolat beriladi va mutaxassislar bepul o‘qitiladi.
Mutasaddilarga bu yil 1,5 ming gektarda 2 million yevrolik loyihani tajriba qilib, kelgusi yili buni 7,5 ming gektarda joriy qilish topshirildi.
Xorazmlik fermerlar tannarxni tushirish uchun izlanib, yangilik qilayotgani taʼkidlandi.
Masalan viloyatdagi 10 tadan ortiq fermer 100 million so‘m sarflab, o‘zining traktoriga zamonaviy avtopilot o‘rnatgan. Texnikalarga avtopilot o‘rnatish uchun imtiyozli kredit liniya ochilishi belgilandi.
Respublikadagi nasoslarning 21 foizi Xorazmda joylashgan.
Xonqalik fermer nasosni elektr bilan taʼminlash uchun o‘tgan yili 200 kilovattli quyosh paneli o‘rnatib, yillik 120 million so‘m elektr xarajatini iqtisod qildi, qo‘shimcha 53 million so‘mlik elektrni tarmoqqa sotdi.
Barcha 2 ming 138 ta nasosni shu tizimga o‘tkazib, Xorazm tajribasini yaratish muhimligi taʼkidlandi.
Qo‘shko‘pirda suv yo‘qligi uchun ishlatilmayotgan 165 gektar maydonda tadbirkorlar kollektor suvidan foydalanib, baliq yetishtirish taklifini bildirgan.
Bu taklif maʼqullanib, masʼullarga tegishli topshiriqlar berildi.
Yig‘ilishda qurilish va infratuzilma sohalaridagi vazifalar muhokama qilinar ekan, joriy yilda Xorazmda:
- 12 trillion so‘mlik pudrat ishlarini bajarish, qurilishda 20 ming nafar aholini band qilish;
- 7 ming xonadonli 200 ta ko‘p qavatli uy qurish;
- 1,5 ming kilometr yo‘l va 20 ta ko‘prikni rekonstruksiya qilish va taʼmirlash;
- 80 ta avtobus olib kelib, 6 ta yangi yo‘nalishni ishga tushirish maqsad qilib olindi.
Viloyatdagi ichimlik suvi tarmog‘ining 16 foizi va kanalizatsiya tarmog‘ining 27 foizi yarim asr oldin qurilgani bois, rekonstruksiyaga muhtojligi ko‘rsatib o‘tildi. Urganch, Xiva va Pitnak shaharlarining kanalizatsiya tizimi yangilanishi kerak.
Bu ishlar uchun joriy yilda 1,1 trillion so‘m ajratilib, tez fursatda Urganch, Xiva, Pitnak shaharlari va Gurlan tumani markazidagi oqova suv tizimini rekonstruksiya qilish boshlanadi.
Mutasaddilarga yil yakunigacha 101 kilometr suv va kanalizatsiya tarmog‘i, 6 ta suv inshooti qurish, xalqaro moliya tashkilotlaridan Xorazmning barcha tumanlaridagi oqova tizimiga yana 85 million dollar jalb qilish topshirildi.
Urganch shahrining o‘zida 100 ta zamonaviy avtobusga ehtiyoj borligi qayd etildi.
Tadbirkorlar bilan birgalikda bu yil 80 ta, keyingi yil yana 20 ta zamonaviy avtobus va 50 ta mikroavtobus olib kelinishi, Qo‘shko‘pir, Xonqa, Yangibozor, Xiva shahrida 4 ta yangi avtostansiya qurilishi, yil yakunigacha 10 ta yangi zamonaviy trolleybus xarid qilinishi belgilandi.
“Buxoro-Xiva” temir yo‘lini elektrlashtirish yakunlandi. Natijada yo‘lovchi tashish 500 mingdan 3,3 millionga, yuk tashish 1,1 million tonnadan 5,8 million tonnaga yetadi.
Mutasaddilarga kelgusi yilda 6 ta tezyurar elektropoyezd olib kelish topshirildi. Natijada Toshkentdan Urganchga yetib kelish 14 soatdan 7 soatga, Buxorodan Xivagacha esa 6 soatdan 3 soatga qisqaradi.
2025 yilda Gurlanda yangi temir yo‘l vokzali qurilishi, Hazoraspdagi vokzal rekonstruksiya qilinishi belgilandi.
Bog‘ot, Gurlan Xonqa, Yangibozor, Hazorasp va Urganch tumanida 49 ta mahalla infratuzilmasini yaxshilashga xalqaro moliya tashkilotlaridan 61 million dollar jalb qilinadi.
Bundan tashqari, joriy yilda 70 ta og‘ir mahallaga tadbirkorlik infratuzilmasi uchun byudjetdan 233 milliard so‘m ajratildi. Bunga qo‘shimcha yana 10 ta mahallani tanlab olib, 15 milliard so‘m yo‘naltirish topshirildi.
Xorazm gujumini ko‘paytirish muhimligi taʼkidlandi.
Mahalla, ko‘cha, dala cheti, yo‘l bo‘ylarida, kanal va kollektorlar atrofida 10 million tup gujum ekish bo‘yicha uch yillik dastur qilinadi. Bu yerlarda tut va jiyda ham ko‘paytiriladi.
Prezidentimiz ijtimoiy sohaga alohida to‘xtalib o‘tdi.
Joriy yilda yuqori texnologik jarrohlik amaliyoti ulushini 35 foizga yetkazish, texnikumlardagi 6 ming bitiruvchining bandligini taʼminlash, texnikum va oliygohlarning 7 ming talabasini dual taʼlimga qamrab olish, oliy taʼlimning muhandislik, tibbiyot, iqtisodiyot, agrar yo‘nalishidagi 7 ta taʼlim dasturini xalqaro akkreditatsiyadan o‘tkazish muhimligi qayd etildi.
Urganch shahridagi tibbiyot oliygohida yiliga 1 ming 600 nafar vrach tayyorlanadi, 500 ta xususiy klinika faoliyat yuritayapti. Lekin, servisdagi tibbiy xizmatlar ulushi 2 foizga ham yetmaydi.
Shu munosabat bilan yil yakunigacha Shovot va Yangiariqda sog‘lomlashtirish xizmatlarini tashkil qilish topshirildi.
Urganch tumanidagi Adolat, Qo‘shko‘pirdagi Iftixor, Hazoraspdagi Yangibozor mahallalaridagi maktablar ikkidan yuqori koeffitsiyentda faoliyat yuritayotgani ko‘rsatib o‘tildi. Mutasaddilarga bu yerda xususiy maktab ochish yoki qo‘shimcha bino qurish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Bu yili viloyatdagi 359 ta bog‘chani suv isitish tizimi geliokollektorlar bilan jihozlanishi, 420 ta ijtimoiy obyektdagi mingdan ortiq eskirgan isitish qozonlari yangilanishi belgilandi.
“Xorazm ahli hurmatini qozongan mashhur ayol rahbarlardan biri bo‘lgan Shakarjon Xo‘janiyozova 8 yil oldin olamdan o‘tgan edi. Men Shakarjon opani ko‘p yillardan buyon juda yaxshi bilar edim. Har safar Xorazmga kelganimda samimiy muloqot qilardik.
U inson el-yurt tashvishi, o‘z kasbiga sadoqat bilan yashadilar. Halol va fidokorona mehnatdan bir daqiqa ham to‘xtamadilar”, - dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari shu yil 12 iyun kuni Sh.Xo‘janiyozovaning 70 yillik yubileyini Xorazm viloyatida keng nishonlashni taklif etdi.
Bog‘otdagi ko‘chalardan biriga va o‘zi asos solgan badiiy gimnastika maktabiga Shakarjon Xo‘janiyozova nomi beriladi.
Viloyatdagi faol xotin-qizlar o‘rtasida Xo‘janiyozova nomidagi rahbar ayollar tanlovi o‘tkaziladi. Jasoratli va mehnatkash ayol sifatida Sh.Xo‘janiyozovaning hayoti keng yoritiladi.
#Shavkat Mirziyoyev