Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent viloyatining Bo‘stonliq tumanida barpo etilayotgan “Ugam River” turistik majmuasini borib ko‘rdi.
Ugam daryosi bo‘yidagi bu maskan ilgari to‘la foydalanilmagan, toshloq joy edi. Bu yil 1 trillion so‘mlikdan ziyod loyiha doirasida qariyb 14 gektar maydonda qurilish boshlandi. Hozirda 17 ta ko‘p qavatli uy qad ko‘tarmoqda. Ular 5, 6 va 7 qavatli, 870 xonadondan iborat bo‘ladi.
Shuningdek, 16 ta kottej, 3 ta restoran, yigirmadan ortiq savdo va xizmat shoxobchalari markazlari quriladi. Bolalar o‘yingohlari, yopiq suv havzasi, fitnes va sport maydonchalari, amfiteatr, avtoturargoh, avtomobil ko‘prigi, tog‘ va sohil bo‘yi yo‘laklari ham tashkil etiladi.
Bu qulayliklari bilan yangi majmua yiliga 200 ming nafar tashrif buyuruvchiga xizmat ko‘rsata oladi. Bu tumanning turizm salohiyatini yanada oshiradi. Birinchi bosqich - ko‘p qavatli uylarni kelayotgan yilning boshida foydalanishga topshirish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari shunday xonadonlardan birini kirib ko‘rdi.
Sayyohlar ko‘proq chiroyli tabiatga, toza havoga intiladi. Shuni inobatga olib, mavjud daraxtzorga qo‘shimcha 20 ming tup ko‘chat o‘tqaziladi. Zamonaviy texnologiyalar vositasida kuniga 1 ming metr kub daryo suvi qayta ishlanadi. 2 megavattlik termal isitish va sovitish tizimi yo‘lga qo‘yiladi.
Prezidentimiz soha mutasaddilariga hudud targ‘ibotini kengaytirib, bunday maskanlarga sayyohlarni jalb etish bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.
Turizm loyihalari tufayli ish o‘rinlari ko‘paymoqda. Shu bilan birga, aholining an’anaviy shakllangan kasb-hunarlarini ham asrash kerakligi ta’kidlandi. Masalan, tuman asal, limon yetishtirish uchun mos. Ularni rivojlantirish tabiiy muhitni asrab-avaylash nuqtayi nazaridan ham muhim.
#Shavkat Mirziyoyev