Prezident: Endilikda barcha darajadagi rahbarlar yoshlarning ovozini eshitishga majbur
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev yoshlar bilan muloqot qilmoqda.
Davlatimiz rahbari so‘zining avvalida azmu shijoatli, navqiron yoshlar bilan uchrashib turganidan mamnunligini bildirib, ularning timsolida Yangi O‘zbekistonning bugungi va ertangi bunyodkorlarini ko‘rayotganini taʼkidladi.
“Buyuk shoirimiz Erkin Vohidov aytganidek, yoshlik – bu qalbning oltin sozi. Bunga qo‘shimcha qilib, yoshlar – xalqimizning, Vatanimizning oltin fondi, desak to‘g‘ri bo‘ladi.
Aholimizning 60 foizini aynan yoshlar tashkil etishi ham bu fikrni tasdiqlaydi.
Bugungi kunda biz mard va matonatli xalqimizga, serg‘ayrat yoshlarimizga ishonganimiz uchun o‘z oldimizga katta-katta maqsadlar qo‘ymoqdamiz, marrani baland olmoqdamiz.
Kelgusida Uchinchi Renessans poydevorini yaratadigan yangi Xorazmiylar, Beruniylar, Ibn Sinolar, Mirzo Ulug‘bek va Alisher Navoiylar qayerdan paydo bo‘ladi? Bu ulkan vazifalarni kim bajaradi?
Men qayta-qayta takrorlashdan charchamayman. Albatta, bu ezgu g‘oyalarni sizlar – bugungi Yangi O‘zbekiston yoshlari amalga oshirasizlar”, - dedi Prezident.
Yoshlarimiz turli sohalardagi yutuqlari bilan tengdoshlariga o‘rnak bo‘layotgani taʼkidlandi.
Hozirgi vaqtda dunyodagi “top” oliygohlarda 1,5 mingdan ziyod talabalarimiz tahsil olmoqda. Bu O‘zbekiston uchun tarixda kuzatilmagan voqelik.
Yaqinda Birlashgan Arab Amirliklarida o‘tgan katta forumda Toshkent shahridagi Prezident maktabi global darajada eng nufuzli nominatsiyada g‘olib deb topildi.
“Buning bosh omili nimada, deb so‘rasangiz, men avvalo yoshlarga munosabat davlat miqyosida butunlay o‘zgarganida, deb javob bergan bo‘lardim. O‘g‘il-qizlarimiz yoshlar masalasi davlat siyosatining ustuvor yo‘nalishiga aylanganini sezib, o‘zlariga beqiyos kuch olmoqda”, - dedi Prezident.
Bundan besh yil oldin Senat va Qonunchilik palatasida Yoshlar parlamenti tashkil etilgan edi. U yerda yoshlar siyosiy yetakchilik, demokratiya maktabi, parlamentarizm maktabi qanday bo‘lishini amalda ko‘rdi. Oxirgi saylovda ana shu yoshlarimizdan ikki nafari Qonunchilik palatasiga, 250 nafari kengashlarga deputat bo‘lib saylandi.
“Endi barcha tizimdagi rahbarlar yoshlarning baralla ovozini eshitishga majbur. Yoshlar buyuk kelajagimizning asosiy bo‘g‘ini ekanligini tushunmagan rahbar bizning safimizda bo‘lishga haqqi yo‘q”, - dedi Prezident.
Har yili mehnat bozoriga 600 mingdan ortiq yoshlar kirib kelmoqda. 2030 yilga borib bu ko‘rsatkich 1 million nafarga yetadi.
Bu davlat va jamiyat zimmasiga katta masʼuliyat yuklashi taʼkidlandi.
Bu borada yoshlarni qo‘llab-quvvatlash tizimi yaratildi. Birgina “Yoshlar daftari” orqali o‘tgan yili 180 ming nafar yoshlarga 345 milliard so‘mlik yordam ko‘rsatildi.
O‘tgan 8 yilda yosh tadbirkorlar soni 3 karra ko‘payib, bugun biznes vakillarining salkam 40 foizini yoshlar tashkil etmoqda.
Ishsiz yoshlar 2 karra kamaydi. Ishsizlikdan xoli mahallalar soni 1 ming 889 taga yetdi.
Shu bilan birga, Sho‘rchi, Buvayda, Furqat, Kasbi, Forish tumanlarida ishsiz yoshlar ko‘pligi u yerdagi rahbarlarning masʼuliyatsizligidan dalolatligi ko‘rsatib o‘tildi.
Ilgari oliy taʼlimda 1 ta o‘rin uchun kamida 10 nafar yigit-qiz kurash olib borar edi. Qisqa davrda oliygohlar soni 3 barobar oshirildi. Tizimda qamrov 42 foizga yetdi.
Xotin-qizlarga kontrakti davlat tomonidan qoplab berilayotgani hisobiga talaba qizlar soni 11 karra ko‘paydi.
“Men bir hayotiy fikrni takrorlashdan charchamayman: bitta qizni o‘qitsak, butun oilani o‘qitgan bo‘lamiz. Oila bilimli, maʼrifatli bo‘lsa, butun jamiyat bilimli, maʼrifatli bo‘ladi. Bu boradagi ishlarni yana-da jadal davom ettiramiz”, - dedi Prezident.
O‘tgan 25 yil ichida davlat hisobidan 800 nafar yoshlar xorijga o‘qishga yuborilgan bo‘lsa, birgina “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali so‘nggi 7 yilda 3 barobar ko‘p o‘g‘il-qizlarimiz bunday imkoniyatga ega bo‘ldi.
Endi, Yoshlar agentligi xorijda o‘qiyotgan har bir talabaga bosh-qosh bo‘lib, ehtiyojlarini aniqlashi, Vatanga qaytib, o‘z o‘rnini topishi, muvaffaqiyatli karyera qilishi kabi masalalarda Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi bilan teng masʼul bo‘lishi belgilandi.
Ilmiy darajali yosh olimlarimiz soni 2 karra oshib, 4 ming 357 nafarga yetdi. Ayniqsa, farzandlarimiz orasida chet tillarni o‘rganishga qiziqish keskin kuchaydi.
Ana shu imkoniyatlardan foydalanib, yaqinda bilimdon va intiluvchan Parviz Tuksanov SAT imtihonidan eng yuqori – 1 ming 600 ball to‘pladi. Prezidentimiz uni ushbu natija bilan qizg‘in tabriklab, ota-onasi va o‘qituvchilariga minnatdorlik bildirdi.
Yana bir ibratli misol – “Kitobsevar millat” g‘oyasi asosida yoshlarda mutolaa madaniyatini shakllantirish umummilliy harakatga aylandi. Anʼanaviy tarzda o‘tkazilayotgan “Yosh kitobxon” tanlovidagi ishtirokchilar soni 6 karra oshib, 3 million nafarga yetdi.
Bir guruh faol yoshlar tomonidan yaratilgan “Mutolaa” loyihasi orqali 1 milliondan ortiq yoshlar kitobxonlar qatoriga kirdi.
Hozirgi tezkor axborot almashinuvi davrida yosh avlod, ayniqsa, bolajonlarimiz uchun milliy kontentlarni yaratish dolzarb vazifadir. Bunday kontentni bog‘cha va maktabdagi taʼlim jarayonlarida namoyish etish orqali yana-da ommalashtirish zarurligi taʼkidlandi.
Prezident bugun yoshlar tadbirkorligida mutlaqo yangi davrni boshlab beradigan 3 ta katta hujjatga imzo chekkanini eʼlon qildi.
Birinchi hujjatga muvofiq, Yoshlar agentligi huzurida Yoshlar tadbirkorligini rivojlantirish jamg‘armasi tashkil etilib, unga 100 million dollar mablag‘ ajratildi.
Endi tadbirkor yoshlarga 2,5 milliard so‘mgacha imtiyozli kreditlar beriladi, tashabbuskor yoshlarning startap loyihalariga 2 milliard so‘mgacha investitsiya kiritiladi.
Bugungi kunda oliygohlarni tugatayotgan 90 ming yoshlar mutaxassisligi bo‘yicha ish topishda qiynalmoqda.
Shu bois, ikkinchi qaror bilan oliygoh bitiruvchilari bandligini taʼminlash bo‘yicha yangi tizim yaratilmoqda. Buning uchun Milliy bankka 100 million dollar resurs beriladi.
Bank Oliy taʼlim vazirligi va Savdo-sanoat palatasi bilan birgalikda oliygoh bitiruvchilarining tashabbus va g‘oyalarini loyihaga aylantirish bo‘yicha yangi bank xizmatlari paketlarini joriy etadi.
Shuningdek, bitiruvchilarni ish bilan taʼminlash bo‘yicha hokimlar, bank va korxona rahbarlaridan iborat komissiya tuziladi. Komissiya ish o‘rinlarini yaratish, kadrlarga ehtiyoj, bo‘sh o‘rinlarga yoshlarni joylashtirish masalalarini hal etadi.
Prezident imzolagan uchinchi hujjatga ko‘ra, Aloqabank yoshlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlovchi tayanch “yoshlar banki”ga aylantirilib, bunga 200 million dollar ajratildi.
Bank o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar loyihalari uchun 100 million so‘mgacha 7 yil muddatga imtiyozli mikroqarz ajratadi.
Shuningdek, yakka tartibdagi tadbirkor bo‘lgan, kamida 20 nafar yoshni ishga olib, kichik korxona ochgan va o‘quv markazi tashkil qilgan yosh tadbirkorlarga 7 yil muddatga 5 milliard so‘mgacha imtiyozli kredit beriladi.
Bank kreditlarining kamida 30 foizi xotin-qizlar tadbirkorligi uchun yo‘naltiriladi.
Hududlarda “yoshlar biznes inkubatori” tashkil qilinib, yoshlar g‘oyalari startapga aylantiriladi, 6 oydan 3 yilgacha qo‘llab-quvvatlanadi, tayyor biznes, korxona darajasiga olib chiqiladi.
“Aloqa venchur” jamg‘armasi orqali startaplarga 50 mingdan 1 million dollargacha sarmoya kiritilib, mahsulot va xizmatlarni ichki va xalqaro bozorlarda sotish, biznes hamkor topish, qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilishga ko‘maklashiladi.
2025 yilda O‘zbekistonda yoshlar ishsizligiga barham berish ishlari yangi bosqichga ko‘tarilishi taʼkidlandi.
Rahbarlar yoshlar ishsizligining salbiy oqibatlaridan, o‘z vaqtida band bo‘lmagan yoshlar bilib-bilmay nomaqbul ishlarga qo‘l urishi, diniy radikalizm taʼsiriga tushib qolishi, jinoyat ko‘chasiga kirishi mumkinligidan ogohlantirildi.
Yunusobod, Asaka, Sharof Rashidov, Chiroqchi, Pastdarg‘om tumanlari, Olmaliq va Buxoro shaharlarida bu boradagi ishlar qoniqarsizligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yoshlarni kasb va tilga o‘qitib, yuqori daromadli ishlarga joylashtirish maqsadida bu yil bandlik bo‘yicha katta dastur qabul qilindi. Buning uchun jami 126 trillion so‘m yo‘naltirilmoqda.
Unga ko‘ra, mahallalarda 378 mingta mikroloyiha amalga oshiriladi, mahalla bankirlari yangi kredit mahsulotlari hisobiga 250 ming nafar odamni daromadli qiladi.
Texnologik jarayonlarni boshqarishda strategik qarorlar qabul qiladigan yoshlarni tayyorlash uchun texnika oliygohlari qoshida 8 ta ilg‘or muhandislik maktabi faoliyat boshladi. Bu yil yana 17 ta shunday maktab ochiladi.
O‘tgan yili 56 ming gektar yer yoshlarga ajratildi. Bu o‘z samarasini berib, hozirda 153 ming nafar yoshlar dehqonchilik bilan shug‘ullanyapti.
Bu yil Qoraqalpog‘istonda, Andijon, Jizzax, Farg‘ona va Toshkent viloyatlarida bo‘sh turgan 3 ming 300 gektar yer yangicha tartibda ijaraga beriladi. Endi ilgari ajratilgan yerga mahsulot ekib, kamida 100 million so‘m daromad olgan yoshlarga ham ushbu tartib asosida bu yerlardan beriladi.
Yoshlar kooperatsiyalari tashkil qilinib, yoshlar qishloq xo‘jaligida bilim va ko‘nikma oshirishiga yordam beriladi.
Yoshlar sanoat zonalarida sanoat ipotekasi orqali bino olayotgan tadbirkorlarga uskuna xaridi uchun 500 ming dollargacha kredit ajratiladi. Sodda qilib aytganda, tayyor ishlab chiqarish maydonini olgan yosh tadbirkorga imtiyozli shartlarda uskunalar ham olib beriladi.
Servis sohasida ham yoshlar uchun imkoniyatlar kengaytiriladi.
Tadbirkorlar yosh xodimlarni ishga olib, kamida 3 million so‘m oylik to‘lasa, ijtimoiy soliq 1 foiz bo‘ladi.
Bu imtiyoz 3 yil amal qiladi. Bu orqali tadbirkor ham manfaat ko‘radi, yoshlar rasmiy ishlab, daromadi oshadi.
Umuman, “Yoshlar daftari” tizimini ham yangilash, transformatsiya qilish vaqti kelgani taʼkidlandi.
Mutasaddilarga yoshlarga ko‘rsatilayotgan barcha turdagi ijtimoiy paketlarni to‘liq xatlovdan o‘tkazib, ularni maqbullashtirish va natijadorligini oshirish bo‘yicha taklif kiritish topshirildi.
Yurtimizda kreativ iqtisodiyot jadal rivojlanmoqda. Sohada faoliyat ko‘rsayotganlarning 98 foizi yoshlar.
O‘tgan yili kreativ iqtisodiyotni rivojlantirish bo‘yicha alohida qonun qabul qilinib, huquqiy asoslari belgilandi.
Toshkent shahridagi “Yoshlar ijod saroyi”da namunaviy “Kreativ park” tashkil qilindi.
Endi, kreativ industriya parklari hududlarda ham barpo etiladi. Ular zarur resurs va infratuzilma bilan taʼminlanadi.
Kreativ industriya parki rezidentlariga 2030 yil yakunigacha imtiyozli soliq rejimi joriy etiladi. Bunda ijtimoiy va daromad soliq stavkalari 50 foizga kamaytiriladi, rezidentlar tovarlarni realizatsiya qilish hajmidan qatʼi nazar aylanmadan olinadigan soliq to‘lovchilar bo‘ladi.
Parklar negizida kreativ soha vakillarini o‘qitadigan biznes maktablari tashkil qilinadi. Ushbu maktablarda yoshlar yangi va zamonaviy biznes yuritish hamda elektron tijorat kabi xizmat ko‘rsatishning innovatsion usullarini o‘rganadi.
Inson uchun ona tili bilan birga xorijiy tillarni bilish dunyoga chiqishda juda muhim. Ayniqsa, tijoratda buning o‘rni beqiyos.
Endi, xorijiy tillardan “S1” darajasiga ega bo‘lgan yoshlar tashabbus ko‘rsatib, olis va chekka hududlarda chet tillariga ixtisoslashgan o‘quv markazlarini ochsa, ularga 120 million so‘mgacha foizsiz ssuda beriladi.
Shuningdek, mehnat bozoriga til biladigan yoshlar kirib kelishini rag‘batlantirish uchun xususiy o‘quv markazlarida xorijiy tillarni o‘rganadigan yoshlarga xarajatlari “2+6” shaklida qoplab beriladi. Bunda o‘quv xarajatlarining dastlabki 2 oyi o‘quvchilarning o‘z mablag‘idan, qolgan 6 oyi davlat hisobidan to‘lab beriladi.
Joriy yil IT sohasi eksportini 1 milliard dollarga yetkazish maqsad qilingan. Bunda asosiy kuch, albatta, yoshlar ekani taʼkidlandi.
“Bir million dasturchi” loyihasiga qo‘shimcha 300 ming yoshlar jalb etiladi. “Coursera” platformasida 3 mingdan ortiq kurslarda sunʼiy intellekt yordamida yoshlar uchun o‘zbek tilida taʼlim olish imkoniyati yo‘lga qo‘yiladi.
Bu yil "Muhammad Xorazmiy vorislari" loyihasi Qoraqalpog‘istonda ham joriy etilib, yana 1 ming nafar yoshlar qamrab olinadi.
Birlashgan Arab Amirliklari bilan O‘zbekistonda "Bir million sunʼiy intellekt foydalanuvchilari" loyihasini amalga oshirishga kelishilgan. Raqamli texnologiyalar vazirligiga bu boradagi ishlarni boshlash topshirildi.
O‘tgan yili 25 ming nafar qizlar IT bo‘yicha bepul o‘qitildi. Bu yil dasturchi qizlar soni 2 barobar oshirilishi reja qilindi. 1 ming nafar iqtidorli qizlar IT oromgohlarida xalqaro olimpiadalarga tayyorlanadi.
Yoshlarning qiziqish va ehtiyojlarini barvaqt aniqlashda sunʼiy intellekt texnologiyalaridan foydalanish, salohiyatini monetizatsiya qilish, ijtimoiy ahamiyatga molik loyihalarga jalb etish muhimligi taʼkidlandi. Mutasaddilarga raqamli ijtimoiy ekotizimni joriy etish bo‘yicha uzoq muddatli strategiyani ishlab chiqish topshirildi.
Muloqotda kambag‘allikni qisqartirishning eng samarali yechimi taʼlim ekani taʼkidlandi.
Shuning uchun kam taʼminlangan oilada hech bo‘lmaganda bitta farzand oliy maʼlumotli bo‘lishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.
Endilikda kambag‘al oilaning farzandiga taʼlim krediti foizsiz beriladi, qo‘shimcha grant ajratiladi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab beriladi.
Yana bir yangilik – iqtidorli, bilimga chanqoq, lekin og‘ir oilaviy sharoiti sababli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim – “Yorqin isteʼdod” loyihasi joriy etiladi.
Bunda har bir mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj, bilimga chanqoq yoshlar saralab olinib, iqtidori aniqlanadi. Ularning salohiyatiga mos xorijiy oliygoh tanlanib, tayyorgarlik kurslarida o‘qitiladi.
Xorijda taʼlim olib qaytgan yoshlar Milliy kadrlar zaxirasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritiladi, ular davlat organlariga tanlovsiz ishga olinadi.
Har yili saralashdan o‘tgan 1 ming nafar yoshlar dunyoning “top-100” oliygohlariga yuborilib, o‘qish va yashash xarajatlari qoplab beriladi.
Energetika, transport, urbanizatsiya, zamonaviy arxitektura, tibbiyot yo‘nalishlarida “El-yurt umidi” jamg‘armasi kvotalari ko‘paytiriladi.
Bundan tashqari, dunyoning nufuzli “top-100” oliygohlarida ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlarga uy-joy uchun 10 yil muddatga 800 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladi.
Nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lganlar uchun bir martalik pul mukofoti miqdori 5 karra oshiriladi.
Harbiy oliygohlarning namunali tinglovchilari uchun “Oliy bosh qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi.
Yoshlarni ilmga qiziqtiruvchi media kontentlar, eng yaxshi intellektual shoular yaratishga Yoshlar agentligi tomonidan 100 million so‘mgacha grantlar ajratiladi.
Yoshlarda tabiatga mehrni oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun “Yashil tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” tashkil qilinadi.
Endilikda kambag‘al oilaning farzandiga taʼlim krediti foizsiz beriladi, qo‘shimcha grant ajratiladi, kontrakt to‘lovining bir qismi qoplab beriladi.
Yana bir yangilik – iqtidorli, bilimga chanqoq, lekin og‘ir oilaviy sharoiti sababli o‘qish imkoniyatiga ega bo‘lmagan yoshlarni xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi tizim – “Yorqin isteʼdod” loyihasi joriy etiladi.
Bunda har bir mahalladan ijtimoiy himoyaga muhtoj, bilimga chanqoq yoshlar saralab olinib, iqtidori aniqlanadi. Ularning salohiyatiga mos xorijiy oliygoh tanlanib, tayyorgarlik kurslarida o‘qitiladi.
Xorijda taʼlim olib qaytgan yoshlar Milliy kadrlar zaxirasiga to‘g‘ridan-to‘g‘ri kiritiladi, ular davlat organlariga tanlovsiz ishga olinadi.
Har yili saralashdan o‘tgan 1 ming nafar yoshlar dunyoning “top-100” oliygohlariga yuborilib, o‘qish va yashash xarajatlari qoplab beriladi.
Energetika, transport, urbanizatsiya, zamonaviy arxitektura, tibbiyot yo‘nalishlarida “El-yurt umidi” jamg‘armasi kvotalari ko‘paytiriladi.
Bundan tashqari, dunyoning nufuzli “top-100” oliygohlarida ilmiy daraja olgan 35 yoshgacha bo‘lgan yosh olimlarga uy-joy uchun 10 yil muddatga 800 million so‘mgacha foizsiz ssuda ajratiladi.
Nufuzli xalqaro fan olimpiadalarida g‘olib va sovrindor bo‘lganlar uchun bir martalik pul mukofoti miqdori 5 karra oshiriladi.
Harbiy oliygohlarning namunali tinglovchilari uchun “Oliy bosh qo‘mondon” davlat stipendiyasi joriy etiladi.
Yoshlarni ilmga qiziqtiruvchi media kontentlar, eng yaxshi intellektual shoular yaratishga Yoshlar agentligi tomonidan 100 million so‘mgacha grantlar ajratiladi.
Yoshlarda tabiatga mehrni oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilishga qaratilgan loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun “Yashil tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi” tashkil qilinadi.
Yoshlarimizda vatanparvarlik ruhini kuchaytirish bo‘yicha 10-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida boshlangan “Vatan tayanchi” harakati kasb-hunar maktabi, texnikum va xususiy taʼlim tashkilotlarida ham yo‘lga qo‘yilishi belgilandi.
“Vatan tayanchi” otryadlari o‘rtasida “maktab – tuman – viloyat – respublika” darajasida sport musobaqalari va ijodiy tanlovlar tashkil etiladi.
Shu kabi har bir mahallada yoshlar o‘rtasida “mahalla – sektor – tuman – viloyat – respublika” darajasida “Shijoat va g‘ayrat” sport o‘yinlari o‘tkaziladi. G‘olib mahallalarga sport inshooti qurib beriladi, zarur anjomlar bilan taʼminlanadi.
“Vatan tayanchi” hamda “Shijoat va g‘ayrat” musobaqalari g‘oliblariga harbiy oliygohlarga kirishi uchun tavsiya beriladi.
Yoshlar masalasi parlament va mahalliy Kengash deputatlari faoliyatida ham muhim yo‘nalish sifatida qaralishi lozimligi taʼkidlandi.
Yoshlarga daxldor qonun loyihalarini Yoshlar parlamenti aʼzolari bilan birga muhokama qilish va yalpi majlisda loyiha bo‘yicha yoshlar vakillarining fikrini ham eshitish maqsadga muvofiq ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Shuningdek, mahalliy kengash sessiyalarida yoshlar masalalari bo‘yicha masʼul organlar rahbarlarining axborotini eshitish, barcha mahalliy kengashlar huzurida yoshlar guruhlarini tashkil etish tashabbuslari ilgari surildi.
Mahallalarda yoshlar yetakchilari tizimi yo‘lga qo‘yilganidan keyin yoshlar siyosati tubdan o‘zgarib, mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarilgani eʼtirof qilindi.
Lavozimga kirishayotgan yoshlar yetakchilarining kasbiy ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida ularni tizimli ravishda o‘qitishni yo‘lga qo‘yish zarurligi qayd etildi.
So‘ng Prezidentimiz faol yoshlar bilan muloqot qildi.
Turli hududlardagi oliy taʼlim muassasalari va nodavlat o‘quv markazlari, korxona va fermer xo‘jaliklari vakillari, yosh olim va sportchilarning fikr-mulohazalari tinglandi, takliflari ko‘rib chiqildi.
“Bugungi kunda Vatanimiz o‘z taraqqiyotining yangi bir tarixiy bosqichiga qadam qo‘ymoqda. Bu davrda oldimizda ilgari duch kelmagan murakkab vazifalar, g‘ov va to‘siqlar paydo bo‘lishi tabiiy, albatta. Lekin qanchalik qiyin bo‘lmasin, biz oldimizga qo‘ygan ulkan maqsadlarga albatta yetamiz.
Chunki bizning olis va yaqin tarixda ne-ne sinovlardan o‘tgan, donishmand xalqimiz bor, bugun barcha soha va tarmoqlarda maydonga dadil chiqayotgan g‘ayrat-shijoatli yoshlarimiz bor.
Sizlar bilan maslahat va muloqotni o‘z faoliyatimizda asosiy mezonlardan biri, deb bilamiz.
Sizlar ham bunday yuksak ishonchga munosib bo‘lib, jonajon Vatanimizni har tomonlama rivojlangan, go‘zal va farovon mamlakatga, Uchinchi Renessans diyoriga aylantirishda oldingi saflarda bo‘lasiz, deb ishonaman”, - dedi Prezident so‘zining yakunida.
#Shavkat Mirziyoyev