Sud hujjatlarini ijro etish tizimi takomillashtiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Deputatlar sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini birinchi o‘qishda ko‘rib chiqdilar.
Keyingi yillarda mamlakatimizda sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini ilg‘or xorijiy tajriba asosida takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Bugungi kunda qonunchilikka muvofiq qarzdorning unduruvga qaratilishi mumkin bo‘lgan mol-mulki yoki daromadlari bo‘lmasa, ijro ishi yuritishning tugatilishi belgilangan. Bunday holat amaliyotda unduruvchilarning haqli e’tirozlariga sabab bo‘lmoqda.
Shunga muvofiq, qonun loyihasi bilan Majburiyatlar reyestrini joriy etish va qarzdorning mol-mulki yoki pul mablag‘lari Majburiyatlar reyestirida aniqlangan taqdirda, ijro ishini qayta tiklash nazarda tutilmoqda. Shuningdek, Soliq kodeksida Majburiyatlar reyestriga kiritilgan soliq qarziga penya hisoblanmasligi belgilanyapti.
Mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi sud hujjatlari va boshqa organ hujjatlarini to‘liq va so‘zsiz ijro etilishini ta’minlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilishga xizmat qiladi.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilindi.