FAOning qishloq aholisi daromadlarini oshirishdagi yangi qadami
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — BMTning Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkilotining O‘zbekistondagi vakolatxonasi tomonidan "O‘zbekistonda oziq-ovqat tizimlarining yerdan foydalanish va yerni qayta tiklashga taʼsirini baholash dasturi" (FOLUR) loyihasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Qashqadaryo viloyatlarida muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqda. Ushbu loyiha Global ekologik jamg‘orma (GEF) tomonidan moliyalashtirilib, O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi va Qishloq xo‘jaligi vazirligi bilan hamkorlikda olib borilmoqda.
Loyiha doirasida tanlab olingan viloyatlardagi shaxsiy tomorqa yer egalariga turli amaliy yordam berib kelinmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Farmoniga asosan “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlangan FAOning ushbu loyiha benefitsiar hamkori Genjemurat Turdimuratovga ham o‘z daromadini oshirishi uchun turli innovatsion texnologiyalar, shu jumladan zamonaviy issiqxona qurish, tomchilatib sug‘orish tizimlarini o‘rnatish, biogumus ishlab chiqarish va yuqori reproduksiyali urug‘lar bilan taʼminlash bo‘yicha yordam ko‘rsatilmoqda. Bugungi kunda u o‘z tajribasini boshqa tomorqa yer egalari bilan o‘rtoqlashib, ularga ham yuqori daromad olish yo‘llarini o‘rgatib kelmoqda.
Bugun ham FAOtomonidan Qoraqalpog‘istonning Qorao‘zak va Beruniy tumanlarida tuman hokimligi hamda tuman fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bilan birgalikda tomorqa xo‘jaliklari egalari uchun kichik issiqxonalarda gul va sabzavot ekinlarini yetishtirish bo‘yicha o‘quv seminari tashkil etildi. Hamkorlikni yana-da kengaytirish hamda dehqonchilikda zamonaviy usullardan foydalanishga bag‘ishlangan seminar-trening davomida tumanning turli hududlari aholi tomorqa yer maydonlariga issiqxona tashkil etish va yetishtirgan ekindan yuqori hosil olib, qo‘shimcha daromad olish sirlari to‘g‘risida FAO mutaxassislari ilmiy tushunchalar berib o‘tishdi.
Shuningdek, mutaxassislar tomorqalardan samarali foydalanishda ekinlar xilma-xilligini joriy etishning ahamiyati, gulchilik uchun issiqxonalarni tayyorlash va asosiy turdagi gul ko‘chatlarini yetishtirish usullari haqida batafsil maʼlumot berdilar. Alohida eʼtibor gul ko‘chatlarini zararkunanda va kasalliklariga qarshi kurashda kimyoviy, biologik va tabiiy usullardan foydalanish masalalariga qaratildi.
"Bugungi seminarda biz asosan viola va tagetes gullarini yetishtirish texnologiyasiga alohida eʼtibor qaratdik," - deydi FAO loyihasining milliy koordinatori Aziz Nurbekov. "Bu gullar nafaqat manzarali, balki iqtisodiy jihatdan ham foydali. 100 metr kvadratli issiqxonada gullar to‘g‘ri parvarishlansa 2.5 ming dona ko‘chat yetishtirish, mavsum davomida esa 3-4 marta hosil olish imkoniyati paydo bo‘lishini inobatga olsak Viola gulining bir tupi 5-7 ming so‘mdan sotilganda bir yil davomida bitta issiqxonadan 45 mlndan 60 mlngacha daromad olish mumkin. Bunday seminar-treninglar orqali aholiga zamonaviy gulchilik texnologiyalarini o‘rgatish, ularning daromadini oshirish va eksportbop mahsulotlar yetishtirishga yordam berish – bizning asosiy maqsadimiz."
Shu bilan birga Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak va Beruniy tumanlarida gulchilik bilan shug‘ullanuvchi xotin-qizlarga tadbir davomida "Ayollarning iqtisodiy imkoniyatlari va tadbirkorlikdagi o‘rni: Gender tengligi va barqaror rivojlanish" mavzusida ham trening o‘tkazildi.
Treningning asosiy maqsadi xotin-qizlarning gender masalalari bo‘yicha xabardorligini oshirish, o‘z huquqlari va ularni himoya qiluvchi qonunlar haqida habardorlikni oshirishdan iborat. Tadbir davomida ayollarning huquqlari, ularni himoya qiluvchi qonunlar va mavjud imkoniyatlar, gender zo‘ravonlik turlari va uning oldini olish usullari, gender stereotiplar va gender tengligi tushunchasi hamda uning ahamiyati haqida batafsil maʼlumotlar berildi.