Valyuta kurslari 30/10/2024
$1 – 12784.97
UZS – -0,08%
€1 – 13830.78
UZS – -0,04%
₽1 – 131.45
UZS – -0,24%
Qidirish
Iqtisod 27/08/2024 ​​​​​​​Ekologiya vazirligi va FAO O‘zbekistonda eskirgan pestitsidlar milliy reestri bo‘yicha ish boshladi.

Ekologiya vazirligi va FAO O‘zbekistonda eskirgan pestitsidlar milliy reestri bo‘yicha ish boshladi.

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan hamkorlikda, Yevropa Ittifoqining moliyaviy ko‘magida “Xavfli kimyoviy moddalarni oqilona boshqarish bo‘yicha texnik ko‘mak” loyihasini amalga oshirmoqda.

Mazkur loyiha doirasida, Ekologiya vazirligi huzuridagi Atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida ixtisoslashtirilgan analitik nazorat markazi va FAO mutaxassislari Xorazm viloyatiga tashrif buyurishdi. Tashrifdan maqsad eskirgan pestitsidlar va zaharlangan hududlarning milliy reestrini yaratish uchun Sobiq ittifoq davrida juda xavfli pestitsidlar sepilgan sobiq qishloq xo‘jaligi aerodromlarini o‘rganish edi.

Loyihada ana shu zararli moddalarni suv va tuproq tarkibidan ajratib olib, ularni qayta ishlash texnologiyalarini joriy qilishga katta eʼtibor qaratilmoqda.

Ma‘lumki, Xorazm viloyati qishloq xo‘jaligida ko‘p miqdorda pestitsidlardan foydalangan, bu esa eskirgan va zararli moddalarning sezilarli miqdorda to‘planishiga olib kelgan. Ushbu pestitsidlar inson salomatligi va atrof-muhit uchun jiddiy xavf tug‘diradi, shuning uchun ularni inventarizatsiya qilish va xavfsiz utilizatsiya qilish zarur. Ushbu ma‘lumotlarning milliy reestrga kiritilishi xavflarni samarali boshqarish va ifloslanish oqibatlarini bartaraf etish choralarini ishlab chiqish imkonini beradi.

“Ushbu ob‘ektlarning inventarizatsiyasi bizga ifloslangan joylar sonini aniqlash, xavflarni baholash va keyingi qilinadigan ishlar uchun ustuvor yo‘nalishlarni belgilash imkonini beradi. Yig‘ilgan ma‘lumotlar, qishloq xo‘jaligidagi xavfli chiqindilarni boshqarish bo‘yicha milliy rejani ishlab chiqish va butun mamlakat bo‘ylab ifloslangan hududlar xaritasini yaratish uchun foydalaniladi”, - deydi loyiha muvofiqlashtuvchisi Elmurod Nazarov.

Mazkur loyiha FAO va Ekologiya vazirligining O‘zbekistonda ekologik vaziyatni yaxshilash va xavfli kimyoviy moddalarni barqaror boshqarishni ta‘minlashga qaratilgan uzoq muddatli strategiyasining bir qismidir. Ushbu loyihaning amalga oshirilishi O‘zbekistonda ekologik xavfsizlikni ta‘minlash yo‘lidagi muhim qadamdir. Eskirgan pestitsidlarning milliy reestrini yaratish nafaqat atrof-muhitning ifloslanishi bilan bog‘liq xavflarni kamaytirishga yordam beradi, balki kelajakda xavfli chiqindilarni samarali boshqarish uchun mustahkam poydevor yaratadi. FAO va Ekologiya vazirligi inson salomatligini muhofaza qilish hamda mamlakat tabiiy resurslarini asrab-avaylash bo‘yicha birgalikdagi sa‘y-harakatlarini davom ettiradi.
 

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling