Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Mamlakatimiz elchixonasi ko‘magida Polshaning "DAMEL", "Kunzman", "Alumatec", "NIMIA" va "Modar" kompaniyalari rahbarlarining 22-30-noyabr kunlari O‘zbekistonga biznes-missiyasi tashkil etildi. Polsha delegatsiyasi Qarshi shahrida o‘tkazilgan "Kashkadarya invest-2024" xalqaro biznes-forumida ishtirok etdi. Unda O‘zbekistonda tog‘-kon, geologiya, avtomobilsozlik va mashinasozlik sohalarida investitsiya loyihalarini amalga oshirish imkoniyatini muhokama qildi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Biznes delegatsiya safar davomida O‘zbekiston Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligi, Qashqadaryo va Samarqand viloyatlari hokimligi, Savdo-sanoat palatasi, "O‘zeltexsanoat" uyushmasi, "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJ, "Navoiy kon-metallurgiya kombinati" AJ, "O‘zbekko‘mir" AJ, "Navoiyuran" DK, Yevropa-O‘zbekiston iqtisodiy hamkorlik uyushmasi ("EUROUZ"), "O‘zavtosanoat" AJ va uning tizimidagi "UzAuto Motors", "UzAuto Motors Powertrain", "Tashkent Tractor Plant", "Nurafshon-Maxsus-Texnika", "SamAuto", "MAN Auto-Uzbekistan" vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Tomonlar kelgusidagi hamkorlikda innovatsion texnologiyalarni tadbiq qilish va ishlab chiqarish jarayonlarini modernizatsiyalash qilish masalalari xususida fikr almashdilar. Shuningdek, O‘zbekistonning tog‘-kon, geologiya, avtomobilsozlik va mashinasozlik sanoati salohiyatini yanada oshirishga qaratilgan loyihalarni amalga oshirish istiqbollari ham ko‘rib chiqildi.