Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda poliklinikalarga tibbiy laboratoriya xizmati ko‘rsatish bo‘yicha markazlashgan laboratoriyalar tashkil etish rejalashtirilmoqda, bu esa birlamchi tibbiy-sanitariya yordami tizimida kasalliklar diagnostikasi sifati va samaradorligini oshiradi.Laboratoriya diagnostikasi tibbiyotning eng muhim sohalaridan biri. U tashxis qo‘yishni osonlashtirib, eng samarali davolash usullarini tanlash imkonini beradi.
2025-yil 1-yanvardan birlamchi tibbiy-sanitariya yordami muassasalariga laboratoriya xizmatlari ko‘rsatuvchi markazlashgan laboratoriyalar tashkil etish loyihasi amalga oshirila boshlaydi. Buning uchun tajriba-sinov tariqasida 3 ta hudud — Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahri, Sirdaryo viloyatining Boyovut tumani hamda Toshkent shahrining Yashnobod tumanlari tanlab olindi.
Hozir ushbu 3 ta hudud laborantlari Toshkent shahar tibbiy maslahat-diagnostika markazida bu tajribani hayotga tatbiq etish uchun tayyorgarlik ko‘rishmoqda. Ular yetuk mutaxassislar tomonidan maxsus darslarda qatnashib, yangi laboratoriya uskunalarida ishlash ko‘nikmalarini egallamoqda.
Sir emas, ayni paytda respublika bo‘ylab barcha oilaviy poliklinikalarda laboratoriya va tahlillar sifati bir xil emas. Mavjud laborator jihozlar hamda sarflov materiallari sifati va hajmi har doim ham qoniqarli darajada bo‘lmaydi.
Masalan, poliklinikada topshirilgan tahlil natijalariga ixtisoslashgan markaz shifokorlari ishonchsizlik bilan qaraydigan va bemorni qayta tahlil topshirish uchun boshqa laboratoriyaga yo‘naltiradigan holatlar ham uchrab turadi. Bunday ovoragarchilik va ortiqcha xarajatlarning oldini olish hamda bemorlarga yanada qulaylik yaratish uchun ham bu yangi tajribaga qo‘l urildi.
Tanlangan 3 ta hududdagi barcha poliklinikalarda aholidan biomateriallarni qabul qilish xonalari tashkil etiladi. Ular maxsus jihozlangan avtotransport vositalarida zamonaviy markazlashgan laboratoriyalarga yetkaziladi. Ushbu natijalar jahon standartlari asosida ilg‘or usullarda tekshiriladi. Shu tariqa bemorga aniq tashxis qo‘yish imkoni yaratiladi va ortiqcha sarsongarchilikka chek qo‘yiladi.
Laborator tahlillar natijasi tibbiyot muassasalariga elektron axborot tizimi orqali jo‘natiladi va avtomatik ravishda bemorning elektron kartasiga kiritiladi. Bemor birlamchi tizimda emas, boshqa ixtisoslashgan shifo maskanlarida davolanishi kerak bo‘lgan taqdirda ham ushbu baza orqali o‘z natijalarni olishi kafolatlanadi.
Loyiha doirasida markazlashgan laboratoriyalarda hududdagi barcha birlamchi bo‘g‘in muassasalariga biriktirilgan aholiga yo‘llanma asosida kafolatlangan paket doirasida xizmat ko‘rsatiladi. Xarajatlar Davlat tibbiy sug‘urtasi jamg‘armasi tomonidan qoplab beriladi.
Asosiysi, olis hududda yashaydigan fuqaro ham o‘z poliklinikasida topshirgan tahlillarining natijalari yuqori sifatli ekaniga ishonch hosil qila oladi va samarali davolash orqali shifo topadi.