Pirotexnika buyumlarining muomalasi tartibga solinmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, mulkni himoya qilish hamda jamoat xavfsizligini ta’minlash maqsadida ishlab chiqilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqildi.
Qayd etilganidek, so‘nggi paytlarda pirotexnika buyumlarining noqonuniy muomalasi va ulardan foydalanish holatlarining ko‘payishi, fuqarolar xavfsizligi va jamoat tartibiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, yong‘in va boshqa favqulodda vaziyatlarning kelib chiqishiga sabab bo‘lmoqda.
Qonun loyihasi bilan xavfli turdagi pirotexnika buyumlarining muomalasiga nisbatan cheklovlar, pirotexnika buyumlarining erkin va cheklangan muomalasi bo‘yicha talablar, xususan, ulardan ommaviy tadbirlarda, sanoat va harbiy maqsadlarda foydalanish asoslari belgilanmoqda.
Xavflilik darajasi yuqori bo‘lmagan bengal mayoqchalari, turli effektlar berishda ishlatiladigan stol fontanlari kabi pirotexnika buyumlaridan foydalanishga cheklov o‘rnatilmaydi.
Qonun loyihasida pirotexnika buyumlaridan noqonuniy foydalanganlik uchun belgilangan ma’muriy jazo chorasini kuchaytirish taklif etilmoqda.
Qonun loyihasining qabul qilinishi pirotexnika vositalari muomalasi sohasida samarali davlat nazoratini o‘rnatish, ularning noqonuniy aylanishini oldini olish, shuningdek iste’molchilarning huquqlari himoya qilinishini ta’minlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.