Pensiya jamg‘armasi delegatsiyasi Chexiyada pensiya ta’minoti sohasida tajriba almashmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) —Byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi delegatsiyasi pensiya ta’minoti sohasida tajriba almashish maqsadida Chexiya Respublikasida bo‘lib turibdi.
Ayni kunlarda Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi apparati boshchiligidagi delegatsiya Chexiya Respublikasida bo‘lib turibdi.
Tashrif davomida 5-fevral kuni Chexiya Respublikasi Mehnat va ijtimoiy masalalar vazirligi vakillari bilan davra suhbati o‘tkazildi. Davra suhbatida Pensiya jamg‘armasi ijro etuvchi direktori Murodbek Atadjanov boshchiligidagi ishchi guruh ishtirok etdi.
Uchrashuvda Chexiya Respublikasi pensiya ta’minoti tizimi, asosiy vazifa va maqsadlari, amalga oshirilayotgan islohotlar to‘g‘risida suhbatlashildi.
Shuningdek, O‘zbekiston va Chexiya o‘rtasida pensiya ta’minoti sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi Bitim tuzish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Tadbir so‘ngida kelgusida ham o‘zaro muloqotni davom ettirish, pensiya ta’minoti bo‘yicha o‘zaro tajriba almashish hamda uni amaliyotga qo‘llash bo‘yicha kelishib olindi.