Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-sentabr kuni Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutiga tashrif buyurib, yangilangan sharoitlar bilan tanishdi.
Har bir rivojlangan mamlakat kabi O‘zbekiston ham o‘z taraqqiyotini ta’limga asoslanib qurmoqda. Bu sohada chuqur islohotlar, katta-katta dasturlar amalga oshirilmoqda. Bunda eng muhim bo‘g‘in, yoshlar siyosatining poydevori – boshlang‘ich va umumiy ta’limdir.
Yurtimizda 37 mingdan ziyod bolalar bog‘chasi, 10 mingdan ortiq maktab bor. Joylarda yana yangilari qurilmoqda. Lekin bu maqsadning bir qismi. Eng asosiy masala – ta’lim sifati.
Shu bois pedagog va mutaxassislar malakasi doimiy oshirib borilmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 21-iyunda qabul qilingan maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari xodimlarini uzluksiz kasbiy rivojlantirishga doir qarori bu tizimni yangi bosqichga ko‘tardi.
Jumladan, shu sohadagi institut A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutiga aylantirildi. Mavjud majmua kapital ta’mirlanib, ikkita qo‘shimcha bino qurildi, barchasi zamonaviy jihozlandi. Tinglovchilar o‘rni ham, yo‘nalishlar ham ko‘paydi. Eng muhimi, malaka tizimi mazmunan boyidi.
Institut bundan 90 yil oldin, 1934-yilda ochilgan. Shunga bag‘ishlab, bu yerda muzey tashkil etilgan. Unda jadid bobolarimizning ilmga e’tibori, Abdulla Avloniy asos solgan maorif tizimi, o‘sha davrdagi darsliklar va sahna asarlari, umumiy ta’limning rivojlanish bosqichlari aks etgan. Sun’iy intellekt yordamida ma’rifatparvar jadidlar qiyofasi gavdalantirilgan. Shu yerda qariyb 88 ming kitob fondiga ega kutubxona ham bor. Davlatimiz rahbari ushbu muzey va kutubxonani ko‘zdan kechirdi.
Muassasada malaka oshirish va qayta tayyorlashning an’anaviy, muqobil hamda dual shakllari, shu jumladan sun’iy intellekt texnologiyalari asosida o‘qitish joriy etilgan. Situatsion o‘quv xonasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlardagi pedagogik mahorat markazlari bilan videoaloqa orqali ulangan. Uzluksiz kasbiy ta’lim, menejerlik o‘quv kurslari, pedagoglarni attestatsiyadan o‘tkazish va malaka toifasini berish, maktabgacha va maktab ta’limini boshqarish kabi dasturiy platformalar joriy etilgan. Bu hududlardagi direktor va o‘qituvchilarni yangi pedagogik texnologiya va uslublarga tezkor o‘qitish imkonini beradi.
Bugungi kunda maktab direktori nafaqat tajribali pedagog, balki yaxshi boshqaruvchi, ma’lum ma’noda strateg ham bo‘lishi kerak. Institut o‘quv dasturida bunga katta e’tibor qaratilib, direktorlar maktabi tashkil etilgan.
Inklyuziv ta’lim va psixolog xonalarida shu yo‘nalishda ishlaydigan defektolog va tarbiyachilar malakasi oshiriladi. Media studiyada videodarslar tasvirga olinadi. Shuningdek, institutda konferensiya zali, kompyuter va seminar xonalari, oshxona va sharoitlar bor.
Ma’lumki, bugun mamlakatimizda aniq va tabiiy fanlarga alohida ahamiyat qaratilib, maktablar zamonaviy jihoz va o‘quv qo‘llanmalari bilan ta’minlanmoqda. Bu o‘qituvchilardan shunga moslashishni, yangi bilim va ko‘nikmalarni o‘zlashtirishni talab qiladi. “STEM” laboratoriyasi pedagoglarni shu borada qayta tayyorlash va malakasini oshirishga xizmat qiladi.
Zamonaviy ta’lim talabidan kelib chiqib, institutda o‘qish soatlari ko‘paytirildi. O‘qituvchilarga munosib sharoit yaratish maqsadida yotoqxona zamonaviy ta’mirlanib, o‘rinlar soni oshirildi.
Prezidentimiz ushbu xonalarda bo‘lib, yangi qulaylik va imkoniyatlar bilan tanishdi.
– Bu institut kutib o‘tiruvchi emas, targ‘ibotchi, yetakchi bo‘lishi kerak. Hududlardagi o‘qituvchi va direktorlarni ko‘proq taklif etib, barcha maktablarda sifatni oshirish zarur. Yangi zamon kishisi, kelajagimiz bunyodkorlari maktabda tarbiyalanadi. Ta’limsiz kelajak yo‘q, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Bu yerda dars beradigan o‘qituvchi va murabbiylarni xorijda o‘qitish, dunyodagi ilg‘or tajribalarni uyg‘unlashtirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.
Joriy yilning o‘tgan davrida institutda 4 ming 300 nafarga yaqin ta’lim muassasalari rahbarlari malaka oshirdi. Shuningdek, 2 ming nafarga yaqin direktor va direktorlikka nomzodlar menejerlik kurslarida o‘qitildi. “Uzluksiz kasbiy ta’lim” platformasi orqali darslarda 113 ming nafardan ortiq pedagoglar qatnashdi.
Singapur xalqaro ta’lim tashkiloti tomonidan 100 nafar maktab direktori, 200 nafar matematika va tabiiy fanlar o‘qituvchisi qayta tayyorlandi. Institut tuzilmasida Xalqaro tadqiqotlar markazi ham ish boshladi.
Umuman, mamlakatimizda maktabgacha va maktab ta’limi tashkilotlari rahbar, pedagog hamda mutaxassis kadrlarini qayta tayyorlash hamda malakasini oshirishning uzluksiz tizimi yo‘lga qo‘yiladi. 2025-yildan boshlab ular besh yilda bir marotaba ishdan ajralgan holda malaka oshiradi. Bundan tashqari, umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida “Kasbiy rivojlanish soati” hamda “Kasbiy rivojlanish kuni” joriy etiladi. Prezident maktablarida to‘plangan ilg‘or tajribalar uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimi orqali umumiy o‘rta ta’lim muassasalariga keng tatbiq qilinadi.