Valyuta kurslari 12/03/2025
$1 – 12931.94
UZS – -0,06%
€1 – 14107.45
UZS – 0,37%
₽1 – 150.18
UZS – 3,13%
Qidirish
Turizm 11/03/2025 Parijda O‘zbekiston-Fransiya turizm forumi bo‘lib o‘tdi

Parijda O‘zbekiston-Fransiya turizm forumi bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.M.Mirziyoyevning Fransiya Respublikasiga davlat tashrifi arafasida 2025-yil 10-mart kuni Turizm qo‘mitasi tomonidan Parij shahrida joylashgan “Intercontinental” mehmonxonasida O‘zbekiston-Fransiya turizm forumi va uni doirasida “O‘zbekiston - Ipak yo‘lining durdonasi” taqdimoti tashkil etildi.

Tadbirda Fransiya davlati turizm ma’muriyati, ikki mamlakat tadbirkorlik subyektlari, OAV va media vakillari, shuningdek, Fransiya davlatidagi diplomatik korpus rasmiylari va boshqa turizm sohasi 120 vakillari ishtirok etdi.

Maqsad – O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasida turizm sohasidagi aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, tadbirkorlar o‘rtasida faol aloqalarni yo‘lga qo‘yish va mamlakatimizga turistik oqimni oshirish.

“O‘zbekiston - Ipak yo‘lining durdonasi” taqdimotida mehmonlarga O‘zbekistonning turizm sohasidagi istiqbollarini va mamlakatning turistik infratuzilmasini rivojlantirishga qaratilgan sa’y-harakatlarini va turistlar uchun yanada qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan yangiliklar haqida ma’lumot berildi.

“Uzbekistan Airways” aviakompaniyasining tomonidan logistika salohiyati hamda mavjud aviaqatnovlar haqida taqdimot etildi. Shuningdek, kompaniyaning turizmni rivojlantirishdagi o‘rni va O‘zbekistonga keluvchi sayyohlarga yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish uchun yangi imkoniyatlar va yo‘nalishlar haqida so‘z yuritildi.

O‘zbekiston va Fransiya biznesi vakillari ishtirokida o‘tkazilgan “B2B” uchrashuvlari doirasida ishbilarmonlik aloqalari o‘rnatildi, hamkorlik imkoniyatlari muhokama qilindi va turistlar oqimini oshirish bo‘yicha o‘zaro kelishuvlarga erishildi.

Ushbu muzokaralar ikki mamlakat turizm sohasidagi ishbilarmonlarga hamkorlik o‘rnatish va yangi loyihalarni rivojlantirish uchun yaxshi imkoniyatlarni yaratdi.

Shuningdek, Fransiya sayyohlik kompaniyalari vakillari forum doirasida tashkil etilgan taqdimot orqali  so‘nggi yillarda O‘zbekistonda turizm sohasida amalga oshirilgan islohotlar va ularning natijasida hududlarida barpo etilgan yangi turizm maskanlari,yangilangan infratuzilmalar va madaniy meros obyektlari bilan tanishdilar.

Tadbirga tashrif buyurgan mehmonlar yurtimizning boy va rang-barang madaniyati hamda an’analarini aks ettiruvchi milliy kuy-qo‘shiqlar va raqslar bilan yaqindan tanishdilar hamda o‘zbek oshpazlari tomonidan tayyorlangan tansiq o‘zbek milliy taomlaridan tatib ko‘rdilar.

Forum O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi turizm aloqalarini rivojlantirish, o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochish yo‘lida muhim qadam bo‘ldi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling