O‘zRVB va Osiyo taraqqiyot banki moliyaviy sektor islohotlarining istiqbollarini muhokama etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi valyuta birjasi (O‘zRVB) Osiyo taraqqiyot banki (OTB)ning kreditlash siyosati doirasidagi islohotlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan moliyaviy sektordagi islohotlarni baholash missiyasi delegatsiyasini qabul qildi.
OTB delegatsiyasiga moliyaviy soha bo‘yicha bosh mutaxassis, missiya rahbari Benita Aynabe xonim rahbarlik qildi. Tashrifning asosiy maqsadi kapital bozori asosiy ishtirokchilarining ushbu bozordagi islohotlar yuzasidan nuqtayi nazarini o‘rganish hamda mavjud tashkiliy va tartibga solishga doir muammolarni tahlil qilishdan iborat bo‘ldi.
Uchrashuv davomida O‘zRVB Bosh direktori Rashid Usmanov birja faoliyati to‘g‘risida batafsil to‘htalib, uning O‘zbekiston kapital bozori infratuzilmasini rivojlantirishdagi strategik roliga alohida e’tibor qaratdi. Shuningdek, u 2024-yilda qabul qilingan O‘zRVBning o‘rta muddatli rivojlanish strategiyasidagi birja savdolarining shaffofligini va samaradorligini oshirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida gapirib berdi.
Tomonlar bozor infratuzilmasini rivojlantirish masalalariga, amalga oshirilayotgan islohotlarning joriy holatiga alohida e’tibor qaratdilar. OTB vakillari O‘zRVBning bozor infratuzilmasini, savdo va hisob-kliring mexanizmlarini yanada takomillashtirish, bozorga keng doiradagi, jumladan xorijiy investorlarni ko‘proq jalb etishni ta’minlaydigan me’yoriy-huquqiy bazani shakllantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarga qiziqish bildirdilar.
Muloqot doirasida O‘zRVBning birjada strategik loyihalarni amalga oshirishda texnik yordam yuzasidan murojaatning holati ham muhokama etildi.
O‘zRVB OTB delegatsiyasiga mazmunli muloqot uchun minnatdorchilik bildirgan holda, O‘zbekiston kapital bozorining barqaror, shaffof va raqobatbardosh tizimini shakllantirish maqsadida kelgusida hamkorlikni davom ettirishga tayyorligini ma’lum qildi.