"O‘zeltexsanoat" uyushmasi va "China Electronic Corporation" o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zeltexsanoat” uyushmasi vakillari Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safari doirasida Pekin shahrida Xitoyning yetakchi korporatsiyalaridan biri — “China Electronic Corporation” (CEC) vitse-prezidenti boshchiligidagi delegatsiya bilan muzokaralar olib bordilar.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi sanoat hamkorligini chuqurlashtirish, xususan, elektrotexnika, elektron komponentlar ishlab chiqarish, raqamli texnologiyalar, sun’iy intellekt, sanoat avtomatizatsiyasi va “yashil texnologiyalar” sohalarida qo‘shma loyihalarni yo‘lga qo‘yish masalalarini muhokama qildilar.
Muzokaralar yakunida “O‘zeltexsanoat” uyushmasi va “China Electronic Corporation” o‘rtasida o‘zaro anglashuv va ikki tomonlama hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga doir Hamkorlik memorandumi imzolandi.
Mazkur memorandum O‘zbekistonda yuqori texnologiyali sanoatni rivojlantirishga qaratilgan strategik hamkorlik yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘lib, tomonlar o‘rtasida uzoq muddatli va sermahsul aloqalarni shakllantirishga xizmat qiladi.