Valyuta kurslari 02/05/2025
$1 – 12900.00
UZS – -0,16%
€1 – 14595.06
UZS – -0,59%
₽1 – 157.32
UZS – -0,81%
Qidirish
Iqtisod 30/04/2025 “O‘zeltexsanoat” uyushmasi quyosh elektr stansiyalari uchun mahsulotlarni xalqaro hamkorlar bilan yetkazib berish istiqbollarini muhokama qildi

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi quyosh elektr stansiyalari uchun mahsulotlarni xalqaro hamkorlar bilan yetkazib berish istiqbollarini muhokama qildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — “O‘zeltexsanoat” uyushmasida yirik xalqaro hamkorlikka oid muhim uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda Saudiya Arabistonining “Acwa Power” kompaniyasi mintaqaviy direktori Jon Zaidi, ushbu kompaniyaning strategik pudratchi hamkori – Hindistonning “L&T Construction” kompaniyasi MDH davlatlari bo‘yicha rahbari Radjan Bansal boshchiligidagi delegatsiya hamda O‘zbekiston elektrotexnika sanoatining 20 dan ortiq yetakchi korxonalari vakillari ishtirok etdilar.

Uchrashuvning asosiy mavzusi – O‘zbekiston hududlarida “Acwa Power” investitsiyalari hisobidan qurilishi rejalashtirilgan quyosh elektr stansiyalarini barpo etish jarayonida, “L&T Construction” tomonidan pudrat asosida amalga oshiriladigan qurilish va montaj ishlari uchun mahalliy ishlab chiqaruvchilarning elektrotexnika mahsulotlarini, jumladan: kabel-sim mahsulotlari, kuchlanish qurilmalari metall-karkas, sovutish tizimlari va boshqa shu kabi zaruriy jihozlarni yetkazib berish masalalarini muhokama qilish bo‘ldi.

Uchrashuv davomida tomonlar o‘z talab va ehtiyojlari, texnik spetsifikatsiyalar hamda yetkazib berish imkoniyatlari haqida batafsil taqdimotlar qilishdi.

Xususan, mahalliy ishlab chiqaruvchilar o‘zlarining zamonaviy ishlab chiqarish quvvatlari, xalqaro standartlarga mos sertifikatsiyalangan mahsulotlari va eksport salohiyatlari bilan tanishtirdilar.

Mazkur muzokaralar, nafaqat milliy sanoat salohiyatini namoyon etish, balki “yashil energetika” sohasidagi global investitsiyaviy loyihalarga mahalliy kooperatsiyani kengaytirish nuqtayi nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etdi.

Ta’kidlash joizki, davlatimiz rahbari tomonidan 2030-yilga borib O‘zbekistonda qayta tiklanuvchi energiya manbalariga asoslangan elektr stansiyalarining umumiy quvvatini 27 gigavattga yetkazish vazifasi belgilangan.

Shu munosabat bilan yurtimizda amalga oshiriladigan yashil energetika loyihalari uchun $500 million dollarlik kabel-sim mahsulotlariga ehtiyoj mavjudligi qayd etilgan.

“O‘zeltexsanoat” uyushmasi mazkur strategik yo‘nalishda “Acwa Power”, “Masdar”, “L&T Construction” kabi yetakchi xorijiy kompaniyalar bilan kooperatsiya aloqalarini kengaytirishga va mahalliy mahsulotlar eksportini oshirishga xizmat qiluvchi amaliy hamkorlikni davom ettiradi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling