Valyuta kurslari 05/12/2024
$1 – 12813.04
UZS – -0,1%
€1 – 13457.54
UZS – -0,27%
₽1 – 122.60
UZS – 1,34%
Qidirish
Iqtisod 25/11/2024 “O‘zcharmsanoat” uyushmasiga rais tayinlandi

“O‘zcharmsanoat” uyushmasiga rais tayinlandi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 25-noyabr kuni “O‘zcharmsanoat” uyushmasi va unga a’zo tadbirkorlik subyektlarining navbatdan tashqari umumiy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Gibrid formatda o‘tkazilgan tadbirda kengash a’zolari, Savdo-sanoat palatasi, Xalq banki, ijro hokimiyati vakillari, hududiy boshqarmalar va Uyushmaga a’zo korxonalar rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda sanoatning rivojlanishi, faoliyatni samarali tashkil etish, yangi loyihalar va strategik vazifalar muhokama qilindi. Tadbirkorlik subyektlarining muammolarini hal etish, resurslarni taqsimlash va davlatning bu sohadagi siyosatini amalga oshirish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.

Shuningdek, yig‘ilishda uyushmaga a’zo korxonalar tomonidan “O‘zcharmsanoat” uyushmasi raisi lavozimiga Sultanov Akbar Anvarjonovich bir ovozdan tasdiqlandi hamda Uyushma kengashining yangi tarkibi saylandi.

Kun tartibiga ko‘ra, 2024-yil uchun ajratilgan xarajatlar tahlil qilindi va tegishli smetalar tasdiqlandi. Tadbirkorlarning taklifiga ko‘ra, korxonalarga xorijlik mutaxassislarni jalb qilish, xorijiy ko‘rgazmalarda mahalliy korxonalarimiz ishtirokini ta’minlashda xarajatlarning bir qismini qoplab berish mexanizmlari joriy etilishi belgilandi.

Shuningdek, 2024-2025-yillarga mo‘ljallangan charm-poyabzal va mo‘yna sanoatini rivojlantirishning maqsadli parametrlari tasdiqlandi. 2024-yilda charm mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 2,7 milliard kvadrat detsimetr, poyabzal mahsulotlarini 205 million juftga, charm-attorlik mahsulotlarini esa 143 million donaga yetkazish choralari belgilandi. 2025-yilga kelib, bu ko‘rsatkichlar yanada oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Umimiy yig‘lishda soha korxonalari oldida turgan masalalar ko‘rib chiqilib, ularga ijobiy yechim topish bo‘yicha taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling