“O‘zbekneftgaz” AJ va Schlumberger: raqamlashtirish hamda sun’iy intellekt sohasidagi texnologik hamkorlikning rivoji
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 15-aprel kuni Schlumberger kompaniyasi va “O‘zbekneftgaz” AJ vakillari o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Muloqot kun tartibida sun’iy intellekt ilg‘or texnologiyalarini joriy etish va geologik ma’lumotni boshqarish tizimini modernizatsiya qilishga qaratilgan asosiy tashabbuslar muhokama qilindi.
Ustuvor masalalardan biri — “O‘zbekneftgaz” AJning amaldagi dasturiy ta’minotiga generativ sun’iy intellekt (GenAI) texnologiyasini integratsiya qilish bo‘yicha yechim taqdimoti bo‘ldi. Ushbu yangi tehnologiya geologiya, uglevodorodlarni qazib chiqarish va konlarni ishlatish yo‘nalishlarini qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, qarorlar qabul qilish jarayonlarining tezligi va aniqligini oshirishga qaratiladi.
Shuningdek, Jamiyatning mavjud ma’lumotlar bazasida geologik ma’lumotlarni saqlash, tahlil qilish va boshqarish tizimini yangilash tashabbusi muhokama qilindi. Schlumberger kompaniyasi sun’iy intellekt modellari asosida axborot resurslarining yaxlitligi, tartibli joylashuvi va tahliliy samaradorligini ta’minlashga qaratilgan konseptual yondashuvni taqdim etdi.
Bundan tashqari, geologik qidiruv jarayonlarining raqamli ekotizimini shakllantirishda muhim bo‘g‘in bo‘ladigan seysmik qidiruv ma’lumotlarini qayta ishlash markazini tashkil etish loyihasi ham ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv ishtirokchilari faol hamkorlikka tayyorliklarini dildirdilar hamda keyingi amaliy qadamlarni kelishib oldilar. Schlumberger kompaniyasi O‘zbekiston neft-gaz tarmog‘ining raqamli rivojlanishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan texnologik hamkorlikni davom ettirishga katta qiziqish bildirdi.