“O‘zbekkosmos” sho‘rlangan yerlarni kosmik monitoring qilishni boshladi.
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Shoʼrlangan yerlar – bu tuproqning yuqori qatlamlarida erigan tuzlar toʼplanib, oʼsimliklar oʼsishi va qishloq xoʼjaligi faoliyatiga salbiy taʼsir koʼrsatadigan hududlardir. Ular, asosan, suv taʼminoti, iqlim, tuproqning mexanik tarkibi va geologik jarayonlar taʼsirida shakllanadi.
Bugungi kunda butun yer yuzida yuz berayotgan global iqlim o‘zgarishlari, yerlarning yaroqsiz holga kelishi, tuproq sho‘rlanishi, biologik xilma-xillikning qisqarishi ekologiyaga, iqtisodiyot tarmoqlari rivoji va insoniyatning farovon kelajagiga jiddiy xavf solmoqda.
Ko‘pgina mamlakatlarda cho‘llanish va yerlarning degradatsiyaga uchrashi oqibatida dunyo bo‘yicha milliard gektar yer maydonlari yaroqsiz ahvolga kelib qolgan. Jumladan, mamlakatimiz hududida 1 746,6 ming gektar maydon turli darajada shoʼrlangan bo‘lib, shundan 65,2 ming gektari kuchli, 439,4 ming gektari o‘rta va 1 242 ming gektari esa kam shoʼrlanish holatlariga to‘g’ri keladi. Ayniqsa, Orol fojiasi oqibatida 5,5 million gektardan ortiq yer tuzli cho‘lga aylangani achinarlidir.
Bu eng avvalo qishloq xo‘jaligi yerlarida oʼsimliklar uchun suv kamayishi, tuproq unumdorligining pasayishi, mineral moddalar va mikroelementlarning yo‘qotilishi, sugʼorish samaradorligining yomonlashishi, yerlarning eroziyaga uchrashi va turli ekologik muammolarning kelib chiqishiga olib keladi.
2024-yilda FAO tomonidan chop etilgan “Global Status of Salt-Affected Soils” (Sho‘rlangan tuproqlarning global holati) hisobotida O‘zbekiston dunyodagi sho‘rlangan tuproqlarning 70 foiziga ega bo‘lgan 10 ta davlat qatoridan joy olgan.
Bir necha yillardan buyon mamlakatning ijtimoiy – iqtisodiy tarmoqlari uchun o‘zining Davlat kosmik monitoring tizimi orqali ko‘mak berib kelayotgan “O‘zbekkosmos” agentligi ushbu global muammoning yechimi sifatida BMT huzuridagi Osiyo va Tinch okeani iqtisodiy va ijtimoiy komissiyasi (ESCAP) bilan hamkorlikda “Sun’iy yo‘ldosh tasvirlari yordamida tuproq sho‘rlanishini aniqlash” loyihasiga start bermoqda.
Bu masofaviy zondlash texnologiyalari, ilg‘or geoaxborot tizimi va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish orqali O‘zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligi, qishloq xo‘jaligi va yer resurslarini boshqarishning barqaror usullariga ko‘maklashib, ma’lumotlarni to‘plash, tahlil qilish va tarqatishni yaxshilashga imkon yaratadi.
Loyihani amalga oshirish uchun sinov hududi sifatida Jizzax viloyatining Zarbdor va unda tutash tumanlaridagi 90 ta ekin maydonlari tanlab olindi. U yerda sun’iy yo’ldoshdan olingan suratlar orqali yerlarning sho’rlanish darajasi o’rganilib, laborator tekshiruvlar uchun nusxa olinadi va chuqur tekshiriladi.
Bu orqali yaqin yillar davomida mamlakatdagi eng sho‘rlangan yerlarning aniq statistikasini yuritish, qishloq xo‘jaligi uchun hosildor maydonlarni aniqlab berish, fermerlar uchun ekin maydonlarining holati bo‘yicha to‘liq ma’lumot taqdim etish mumkin bo‘ladi. Natijada esa qishloq xo‘jaligi yerlaridan foydalanish borasida resurs va xomashyolarni to‘g’ri taqsimlash, yerlarning sho‘rlanish darajasi va joyning tuproq-iqlim sharoitidan kelib chiqqan holda agrotexnik choralarni ko‘rish imkoniyati paydo bo‘ladi.
“O‘zbekkosmos” agentligi o‘tgan 2024-yilda qishloq xo‘jaligi yo‘nalishida Fargʼona, Аndijon, Namangan, Toshkent, Jizzax, Samarqand, Surxondaryo, Qashqadaryo viloyatlari kesimida kosmik monitoring ishlarini olib borib, 967 ming gektar bugʼdoy hamda 597 ming gektar paxta unib chiqqan maydonlarni aniqladi.
Shu bilan birga, unumdor yerlaridan samarali foydalanishni nazorat qilish maqsadida yuqoridagi 8 ta viloyat kesimida yanvar-oktabr oylari davomida 56 ming 521 gektar foydalanilmay yotgan ekin maydonlari mavjud ekanligi qayd etildi. Qolaversa, kosmik monitoring davomida 8 ta viloyat kesimida jami 86 ming 107 gektar zaxira yerlaridan foydalanish bilan bogʼliq 27 ming 266 ta holat ham aniqlangan.
“O‘zbekkosmos” agentligi joriy “Atrof-muhitni asrash va „yashil“ iqtisodiyot yili”da hamkor tashkilotlar va xalqaro kosmik agentliklari bilan hamkorlikda shu kabi qator samarali loyihalarni amalga oshirishni reja qilgan.