Valyuta kurslari 11/07/2025
$1 – 12634.34
UZS – -0,15%
€1 – 14821.34
UZS – -0,01%
₽1 – 162.37
UZS – 0,3%
Qidirish
O‘zbekiston 12/07/2025 O‘zbekistonning Xalqaro metrik konvensiyasiga qo‘shilishi masalasi muhokama qilindi

O‘zbekistonning Xalqaro metrik konvensiyasiga qo‘shilishi masalasi muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 10-iyul kuni Senatning Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasining majlisida “Xalqaro metrik Konvensiyaga (Parij, 1875-yil 20-may, 1907-yil 17-oktabrdagi, 1913-yil 11-oktyabrdagi va 1921-yil 6-oktabrdagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi Qonun dastlabki tarzda muhokama qilindi.

Muhokamada senatorlar, xalq deputatlari mahalliy Kengashlarining doimiy komissiyalari aʼzolari, O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi vakillari, olimlar, soha mutaxassislari va ekspertlari hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.

Mazkur hujjatning asosiy maqsadi barcha davlatlar uchun o‘lchovlar birligini taʼminlaydigan umumiy va ishonchli etalonlar yaratish, ularni saqlash, milliy etalonlarni xalqaro prototiplar bilan qiyoslash va o‘zaro tan olish imkonini beruvchi yagona tizimni shakllantirish hamda bu orqali davlatlar o‘rtasidagi texnik hamkorlikni kuchaytirishdan iborat.

Taʼkidlanganidek, Konvensiyada ishtirok etuvchi davlatlarning metrologik standartlar birligini taʼminlash, shu jumladan, etalonlar va aniqlik shkalalarini solishtirish, geodezik o‘lchovlarni solishtirish va kalibrlash, milliy etalonlarni xalqaro prototiplarni etalonlari bilan davriy solishtirish hamda xalqaro prototiplarni saqlash kabi muhim masalalar  nazarda tutilgan.

Senatorlar tomonidan qayd etilishicha, mazkur Qonunning qabul qilinishi mamlakatimizning Xalqaro tarozi va o‘lchovlar byurosi faoliyatida faol ishtirok etishi, ovoz berishi hamda Byuroning konsultativ qo‘mitasiga o‘tkaziladigan saylovlarda o‘z nomzodlarini ilgari surishiga imkoniyat yaratadi. Shuningdek, bu Byuroning ilmiy va texnik laboratoriyalaridan foydalanish va yetuk mutaxassislarning malakalarini oshirishga zamin yaratadi. Bundan tashqari, unga aʼzo bo‘lish mamlakatning xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga, investitsiyalar jalb etuvchanligini oshirishga, eksport salohiyatini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Bundan tashqari, bu Byuroga aʼzo davlatlar o‘rtasidagi navbat asosida Byuro laboratoriyalarida etalonlarni qo‘shimcha xarajatlarsiz kalibrlashdan o‘tkazish va O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo bo‘lishi yo‘lida tashqi savdo aloqalarini olib borishda texnik to‘siqlarni bartaraf etish imkonini beradi.

Muhokama yakunida Qo‘mitaning tegishli qaror qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling