Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning rasmiy tashrifi arafasida, 3-fevral kuni Malayziyaning Penang shtatida «O‘zbekiston — Buyuk Ipak yo‘li durdonasi» deb nomlangan o‘zbek-malayziya turistik forumi bo‘lib o‘tdi.
Forumda Turizm qo‘mitasi vakillari, Malayziya va Penang shtati hukumatlarining turizm yo‘nalishi rahbarlari, shuningdek, O‘zbekiston va Malayziyaning yetakchi mutaxassislari va turistik biznes vakillari ishtirok etdilar.
Tadbir doirasida O‘zbekistonning turistik salohiyati, tarixiy yodgorliklari, madaniy va tabiiy merosi haqida taqdimotlar o‘tkazildi. Alohida e’tibor Shahrisabz, Samarqand, Buxoro, Xiva kabi mamlakatning tarixiy-madaniy yo‘nalishlariga qaratildi.
«B2B» formatidagi uchrashuvlarda 100 dan ortiq ikki davlat turistik biznes vakillari qatnashib, O‘zbekiston va Malayziya turfirmalari o‘rtasida biznes aloqalar o‘rnatildi, hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi va turistik oqimni ko‘paytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, forum doirasida tashkil etilgan «Yangi O‘zbekiston» fotoko‘rgazmasi orqali malayziyalik turistik kompaniya vakillari mamlakatning yangi turistik obyektlari, zamonaviy infratuzilmasi va madaniy merosi bilan tanishdilar.
Mehmonlar uchun milliy qo‘shiqlar, musiqa va raqslarni o‘z ichiga olgan madaniy dastur namoyish etildi. Bu dastur O‘zbekistonning boy madaniy merosini aniq ifodalab berdi. Shuningdek, mehmonlarga an’anaviy o‘zbek taomlari taklif qilindi.
Ushbu forum O‘zbekiston va Malayziya o‘rtasidagi turistik aloqalarni mustahkamlashda muhim qadam bo‘lib, o‘zaro manfaatli hamkorlik uchun yangi imkoniyatlar ochdi.