O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati Malayziyada namoyish etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 5-7-sentyabr kunlari Kuala-Lumpur shahrida o‘tkazilgan Malayziyaning eng yirik sayyohlik ko‘rgazmasi – “MATTA Fair”da Turizm qo‘mitasi va “Milliy PR-markazi” DUK tomonidan mamlakatimiz diplomatik vakolatxonasi ko‘magida O‘zbekistonning milliy stendi taqdim etildi.
Ushbu tadbirda ishtirok etish xalqaro hamkorlikni kengaytirish, milliy sayyohlik mahsulotlarini targ‘ib qilish va mintaqaning turizm sohasi vakillari bilan bevosita aloqalar o‘rnatish uchun muhim qadam bo‘ldi.
Tadbirda mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan turoperatorlar, “Uzbekistan airways” milliy aviakompaniyasi, Toshkent shahri va Andijon viloyati turizm boshqarmalari vakillari ishtirok etdi. Ko‘rgazma doirasida Malayziya va Janubi-Sharqiy Osiyoning boshqa mamlakatlaridagi turizm sohasi vakillari bilan bilan hamkorlik istiqbollarini muhokama qilish va tajriba almashish imkonini beruvchi bir qator B2B uchrashuvlari o‘tkazildi.
Bundan tashqari, ko‘rgazma mehmonlari uchun O‘zbekistonning sayyohlik salohiyati bo‘yicha taqdimot uyushtirildi. Tashrif buyuruvchilar mamlakatimizning boy madaniy merosi, tarixi, milliy taomlari va mehmondo‘stlik an’analari bilan tanishish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
O‘zbekistonning “MATTA Fair”da ishtiroki mamlakatimizning jozibador sayyohlik yo‘nalishi sifatidagi obro‘sini mustahkamlashga xizmat qildi, xorijiy hamkorlarning hamkorlikka bo‘lgan qiziqishini oshirdi va mintaqaning yetakchi maydonida yurtimizga sayohat qilishning raqobatbardosh afzalliklarini namoyish etish imkonini berdi.