O‘zbekistonning olti futbol klubiga transferlarni amalga oshirish taqiqlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi (O‘FA) va Futbolchilarning maqomi va o‘tish bo‘yicha qo‘mitasi qarorlarini e’tiborsiz qoldirgani uchun olti futbol klubiga transferlarni amalga oshirish taqiqlandi. Bu haqda Professional futbol ligasi matbuot xizmati xabar berdi.
Sanksiyalar joriy etilishiga futbolchilar va murabbiylarga belgilangan muddatda qarzdorlikni to‘lamaslik hamda hududiy futbol akademiyalari bilan hamkorlik shartlarini buzish sabab bo‘lgan.
Ilgari O‘FA yetti klubga aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish uchun vaqt bergan edi. Biroq bu talablarni faqatgina "Qizilqum" klubi bajara oldi. Qolganlari — "So‘g‘diyona", "Navbahor", "Neftchi", "Dinamo", "Buxoro" va "Aral" — sanksiyalar ostida qoldi.
Qo‘mita qaroriga ko‘ra, mazkur klublarga ikki to‘liq transfer oynasi davomida yangi futbolchilarni milliy va xalqaro miqyosda ro‘yxatga olish taqiqlandi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda qishki transfer davri 2024-yil 10-dekabrda boshlangan va 2025-yil 25-fevralda yakunlanadi.