Valyuta kurslari 03/03/2025
$1 – 12890.07
UZS – 0,1%
€1 – 13400.52
UZS – -0,75%
₽1 – 146.46
UZS – -1,15%
Qidirish
O‘zbekiston 02/03/2025 O'zbekistonning birinchi elchisi Malta Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

O'zbekistonning birinchi elchisi Malta Prezidentiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekistonning Maltadagi birinchi elchisi Abat Fayzullayev (qarorgohi Rim shahrida joylashgan) ushbu mamlakat Prezidenti Miriam Spiteri Debonoga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Tantanali tadbirdan so'ng bo'lib o'tgan qisqacha muloqot chog'ida Malta yetakchisi O'zbekiston Prezidenti tomonidan olib borilayotgan ochiq va pragmatik tashqi siyosat natijasida ikki tomonlama munosabatlar faollashganini ta'kidladi. Mamlakatlarimiz geografik jihatdan bir-biridan olisda joylashgan bo'lsada, o'zaro manfaatli va ko'p qirrali hamkorlik ikki tomonlama munosabatlarni rivojlantirishga xizmat qilayotgani qayd etildi.

Uchrashuvda xalqaro tashkilotlar, shu jumladan BMT va YEXHT doirasidagi o'zaro tashabbuslarni qo'llab-quvvatlashga alohida urg'u qaratildi.

Ta'kidlash lozimki, so'nggi bir yil ichida ikki tomonlama munosabatlarda yangi dinamika kuzatildi. Xususan, ikki mamlakat tashqi ishlar vazirlari 2024-yil sentyabr oyida Nyu-York shahrida BMT Bosh Assambleyasi yig'ilishi doirasida ilk bor samarali uchrashuv o'tkazdilar. Joriy yilning yanvar oyida Maltaning O'zbekistondagi birinchi elchisi (qarorgohi Moskva shahrida joylashgan) tayinlandi, shuningdek, Valletta shahrida ikki mamlakat tashqi ishlar vazirliklari o'rtasida siyosiy maslahatlashuvlarning birinchi davrasi bo'lib o'tdi.

Eslatib o'tamiz, Abat Fayzullayev 2023-yil noyabr oyidan buyon O'zbekistonning Italiyadagi elchisi va Rimdagi xalqaro tashkilotlar (FAO, QXRXJ, BOOD) huzuridagi doimiy vakili hamda 2024-yil dekabr oyidan boshlab O'zbekistonning Kiprdagi elchisi sifatida faoliyat yuritib kelmoqda.

Abat Fayzullayev 2020-2023-yillarda O'zbekistonning Avstriyadagi va o'rindoshlik asosida Vengriyadagi elchisi sifatida ishlagan. U bir vaqtning o'zida O'zbekistonning Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti hamda Venadagi boshqa xalqaro tashkilotlar huzuridagi doimiy vakili lavozimida faoliyat olib borgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling