Valyuta kurslari 21/08/2025
$1 – 12466.44
UZS – -0,47%
€1 – 14517.17
UZS – -0,77%
₽1 – 155.42
UZS – -0,35%
Qidirish
O‘zbekiston 21/08/2025 O'zbekistonning birinchi elchisi Lixtenshteyn Valiahd shahzodasiga ishonch yorliqlarini topshirdi

O'zbekistonning birinchi elchisi Lixtenshteyn Valiahd shahzodasiga ishonch yorliqlarini topshirdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekistonning Lixtenshteyn Knyazligidagi birinchi elchisi (qarorgohi Berlin shahrida joylashgan) etib tayinlangan Dilshod Axatov ushbu mamlakat Valiahd shahzodasi Aloizga ishonch yorliqlarini topshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.

Lixtenshteyn Valiahd shahzodasi mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarni va ikki davlat o'rtasidagi kuzatilayotgan o'zaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish bo'yicha sa'y-harakatlarni qo'llab-quvvatladi.

U tarixda ilk bor mazkur mamlakatda O'zbekiston elchisining tayinlanganini alohida e'tirof etdi.

Lixtenshteyn va O'zbekiston o'rtasida 2024-yil mart oyida o'rnatilgan diplomatik aloqalar hamkorlikni tizimli ravishda davom ettirishga muhim poydevor bo'lgani, Vadusning Toshkent bilan munosabatlarni kengaytirish va mustahkamlash tarafdori ekani ta'kidlandi.

Uchrashuv yakunida shahzoda Aloiz O'zbekiston Prezidentiga ezgu-tilaklari va samimiy salomlarini yo'lladi hamda mamlakatimiz xalqiga tinchlik va farovonlik tiladi.

Shuningdek, O'zbekiston delegatsiyasi Lixtenshteyn Bosh vaziri o'rinbosari – tashqi ishlar, atrof-muhit va madaniyat vaziri Sabine Monauni bilan uchrashuv o'tkazdi. Suhbat chog'ida ikki mamlakatning BMT hamda boshqa xalqaro tashkilotlar doirasidagi konstruktiv muloqoti yuksak baholandi.

U O'zbekiston tomonidan amalga oshirilayotgan tinchlikparvar, ochiq, amaliy va faol tashqi siyosatni alohida e'tirof etdi. Shu bilan birga, davlatlar o'rtasidagi ikki tomonlama va ko'p tomonlama hamkorlikni yana-da rivojlantirishga katta imkoniyatlar mavjudligi qayd etildi.

Xususan, Sabine Monauni Xalqaro valyuta fondidagi Shveysariya ovoz berish guruhi doirasidagi samarali hamkorlikni yuqori baholab, Lixtenshteynning 2024-yil oktabrida mazkur guruhga a'zo bo'lishi ikki davlat o'rtasidagi iqtisodiy va moliyaviy sohalardagi hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishiga ishonch bildirdi.

Eslatib o'tamiz, Dilshod Axatov 2023-yilning oktabr oyida O'zbekistonning GFRdagi elchisi sifatida Germaniya Federal prezidenti Frank-Valter Shtaynmayerga ishonch yorliqlarini topshirgan edi.

Bugungi kunga qadar Dilshod Axatov O'zbekistonning Shveysariya va Chexiyadagi o'rindoshlik asosida elchisi ham hisoblanadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling