O'zbekistonning Bahrayndagi birinchi elchisi tayinlandi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O'zbekistonning Bahraynga yangi tayinlangan Favqulodda va Muxtor Elchisi (qarorgohi Ar-Riyoz shahrida) Nodirjon Turg'unov ushbu mamlakat tashqi ishlar vaziri Abdulatif bin Roshid az-Zayaniyga ishonch yorliqlari nusxalarini onlayn tarzda topshirdi, deb xabar qilmoqda "Dunyo" AA muxbiri.
Rasmiy marosimdan so'ng bo'lib o'tgan suhbat chog'ida O'zbekiston va Bahrayn o'rtasidagi ikki tomonlama hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, shuningdek, xalqaro kun tartibidagi dolzarb masalalar muhokama qilindi.
Bahrayn TIV rahbari Abdulatif bin Roshid az-Zayaniy O'zbekiston Prezidenti boshchiligida amalga oshirilayotgan keng ko'lamli islohotlarni yuksak baholab, tashqi siyosat va barqaror iqtisodiy o'sishni ta'minlash borasida salmoqli yutuqlarga erishilganini ta'kidladi.
Ikki mamlakatni tarixiy aloqalar bog'lab turishi, qardosh xalqlar o'rtasidagi munosabatlar esa yuqori darajada ekanini qayd etildi.
O'zaro munosabatlarni barcha jabhalarda mustahkamlash va rivojlantirish borasidagi sa'y-harakatlarga hissa qo'shishga tayyorlik tasdiqlandi.
Bahrayn tashqi ishlar vaziri uchrashuv yakunida O'zbekiston elchisiga ikki mamlakat o'rtasidagi o'zaro munosabatlarni mustahkamlash borasidagi mas'uliyatli ishlariga muvaffaqiyatlar tiladi.
Eslatib o'tamiz, Nodirjon Turg'unov 2024-yil mart oyida O'zbekistonning Saudiya Arabistoni elchisi sifatida Ar-Riyoz shahriga kelgan edi. Shuningdek, u 2024 yil noyabr oyida O'zbekistonning Islom hamkorlik tashkilotidagi doimiy vakili sifatida akkreditatsiyadan o'tgan.