Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2024-yil 5-noyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev va BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili Akiko Fujii o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Suhbat chog‘ida Afg‘onistondagi bugungi vaziyat, xalqaro hamjamiyatning mamlakatda gumanitar inqirozning oldini olish borasidagi sa’y-harakatlari hamda Termiz shahridagi xalqaro transport-logistika xabidan turli gumanitar yordamlarni yetkazib berishda foydalanish, shuningdek, Surxondaryo viloyatidagi Ta’lim markazi negizida Afg‘oniston fuqarolarini ta’lim olishi va o‘qitish bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirishni davom ettirish imkoniyatlari yuzasidan fikr almashildi.
Tomonlar O‘zbekiston va BMT institutlarining Afg‘oniston masalasini tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha harakatlarini yanada muvofiqlashtirish muhimligini ta’kidladilar.