Valyuta kurslari 24/04/2025
$1 – 12890.43
UZS – 0,09%
€1 – 14720.87
UZS – -0,55%
₽1 – 156.04
UZS – -1,48%
Qidirish
Texnologiyalar 08/04/2025 O‘zbekistonlik mutaxassislar AtomSkills-2025 xalqaro chempionatida ishtirok etdi

O‘zbekistonlik mutaxassislar AtomSkills-2025 xalqaro chempionatida ishtirok etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Yekaterinburg shahrida AtomSkills-2025 kasbiy mahorat bo‘yicha o‘ninchi yubiley chempionati bo‘lib o‘tdi. Mazkur nufuzli musobaqada Rossiya, MDH davlatlari va boshqa qator xorijiy mamlakatlardan ikki mingdan ortiq ishtirokchi va mutaxassislar qatorida O‘zbekistonlik mutaxassislar ham ishtirok etdi. Chempionat doirasida 44 ta yo‘nalish bo‘yicha bellashuvlar tashkil etildi. Ilk bor o‘tkazilgan AtomSkills chempionati 10 ta yo‘nalish bo‘yicha o‘tkazilgan bo‘lib, unda taxminan 450 nafar mutaxassis va ekspertlar qatnashgan edi.

Besh kun mobaynida AtomSkills-2025 chempionatining asosiy va talabalar ligasida o‘z kasbi bo‘yicha eng yaxshi nomini qo‘lga kiritish uchun “Rosatom”ning 16 ta divizion va korxona jamoalari, yirik kompaniyalar terma jamoalari hamda talabalar o‘zaro kuch sinashdi. Joriy yili o‘z jamoalarini taqdim etgan oliy o‘quv yurtlari va kollejlar soni 70 taga yetdi.

Chempionatning ishbilarmonlik dasturida ham O‘zbekistonlik mutaxassislar faol ishtirok etib, kasbiy aloqalarni mustahkamlash va tajriba almashishga hissa qo‘shdi.

Professional taʼlimni rivojlantirish instituti direktori Zayniddin Xudoyberdiyev bunday tadbirlar yoshlarning kasbiy darajasini oshirishga va ularning kompetensiyalarini rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi. Uning fikricha, chempionatning ish beruvchilar bilan hamkorlikda tashkil etilishi yoshlarda ushbu sohada o‘z kelajagini ko‘rishga bo‘lgan qiziqishni yana-da oshiradi.

Tadbir ishtirokchi davlatlarning, jumladan, O‘zbekistonning kasbiy taʼlim tizimi oldida turgan vazifalarni muhokama qilish uchun o‘ziga xos maydonga aylandi. Mamlakatimizda birinchi AES qurilishi ilmiy-texnik va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar ochmoqda. Chempionatning kasbga yo‘naltirish yo‘nalishi doirasida maktab o‘quvchilari va talabalar atom sanoatida talab yuqori bo‘lgan mutaxassisliklar bilan yaqindan tanishish hamda “Rosatom” davlat korporatsiyasi korxonalarida tajriba o‘tash uchun ro‘yxatdan o‘tish imkoniga ega bo‘ldi.

Navoiy davlat konchilik va texnologiyalar universiteti professori, fan va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori To‘lqin Nurmurodov atom energetikasi O‘zbekiston uchun katta ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi. Unga ko‘ra, mamlakat hozir jadal rivojlanmoqda va aholi soni har yili deyarli bir million kishiga ko‘paymoqda. Uning taʼkidlashicha, bu ulkan va tez surʼatlarda o‘sib borayotgan inson kapitalini yaratadi. Nurmurodovning qayd etishicha, energetika hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lib, AES qurilishi faqat barqaror elektr taʼminotini taʼminlash bilan cheklanmasdan, balki mamlakatda fan va iqtisodiyot rivojiga kuchli turtki beradi. Shuningdek, u atom texnologiyalari bugun faqat energetika sohasida emas, balki tibbiyot, qishloq xo‘jaligi va boshqa tarmoqlarda ham talab yuqori ekanini taʼkidladi.

Chempionat ishtirokchilari xalqaro standartlar asosida tayyorlangan vazifalarni bajardi. Musobaqa qismi bilan bir qatorda, tadbir doirasida mazmunli ishbilarmonlik dasturi ham tashkil etildi. Tadbir doirasida «Rosatom Ota-onalar ligasi» forumi va «Yashil qalam» («Zelenaya ruchka») konferensiyasi o‘tkazilib, yoshlarda kasbiy motivatsiyani shakllantirish hamda injenerlik tafakkurini yoshlikdan rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston uchun bunday tadbirlarda ishtirok etish nafaqat energetik mustaqillikni mustahkamlashga hissa qo‘shadi, balki xalqaro kasbiy hamjamiyatga integratsiyalanish yo‘lini ham ochadi. Bundan tashqari, bu mutaxassislar va talabalar uchun yangi imkoniyatlarni yaratib, atom sanoatining yetakchi jahon kompaniyalari bilan hamkorlikni rivojlantirish uchun mustahkam poydevor bo‘ladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling