O‘zbekistonlik muhandislar Yaponiyada kosmik kemalarni yaratish uchun tahsil oladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Raqamli texnologiyalar vazirligi mutasaddilari hamda Yaponiyaning “Kyushu Institute of Technology” professorlari o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda mazkur loyiha va uni amalga oshirish tartiblari muhokama etildi.
Bugungi kunda barcha rivojlanayotgan davlatlar qatori O‘zbekiston ham kosmik tadqiqotlarni olib borish, zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, tarmoq uchun yetuk kadrlar tayyorlash borasida jahon kosmik bozorining eng yirik va lider davlatlari, nufuzli agentliklar hamda top universitetlar bilan o‘zaro samarali hamkorlik qilayapti.
Xususan, “O‘zbekkosmos” agentligi mamlakatda kosmik ta’limni yanada rivojlantirish, yoshlarning texnik – muhandislik, astronavtika va astranomiya kabi yo‘nalishlarda bilim va tajribalarini oshirish maqsadida AQSH, Buyuk Britaniya, Fransiya, Janubiy Koreya, Xitoy, Yaponiya, Turkiya, Ozarbayjon bilan qo‘shma ta’lim loyihalari va dasturlarini amalga oshirib kelmoqda.
Yaponiyaning ilg‘or oliygohlaridan biri hisoblangan “Kyushu Institute of Technology” bilan imzolangan kelishuv ham 7 nafar yosh muhandis-konstruktorlarni 2 yil davomida magistratura bosqichida kosmik apparatlarni loyihalash, yig‘ish va sinovdan o‘tkazish yo‘nalishida o‘qitish imkoniyatini taqdim etadi. Bu vaqt oralig‘ida ular yaponiyalik tajribali professorlar bilan birgalikda O‘zbekistonning birinchi ilmiy – texnologik sun’iy yo‘ldoshi “6U Cubsat”ni yaratib, orbitaga uchirishlari reja qilingan.
Qayd etish lozim, mazkur loyihani amalga oshirishda Davlatimiz rahbarining “2024 — 2026-yillarda iqtisodiyot tarmoqlarida aerokosmik texnologiyalarni joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida” Farmoni huquqiy asos bo‘lib xizmat qilmoqda.