O‘zbekiston–Eron ishbilarmonlar kengashi tashkil etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov Eron Islom Respublikasi Savdo-sanoat, konchilik va qishloq xo‘jaligi palatasi prezidenti Samad Hasanzoda bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yana-da rivojlantirish, o‘zaro savdo aloqalarini kengaytirish va yangi loyihalarni amalga oshirish masalalari bo‘yicha muzokaralar olib borildi.
Tomonlar ishbilarmonlik aloqalarini muntazam ravishda rivojlantirish va ikki davlat tadbirkorlik subyektlari o‘rtasida yuzaga kelayotgan muammolarni hal etish maqsadida O‘zbekiston–Eron ishbilarmonlar kengashini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishishdi.
Muzokaralar chog‘ida o‘zbekistonlik tadbirkorlar 28 aprel-2 may kunlari Tehron shahrida bo‘lib o‘tadigan "IRAN EXPO 2025" ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif qilindi.
Shuningdek, 10-12 may kunlari Tehron shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilan "Made in Uzbekistan" ko‘rgazmasiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada tashkil etish masalalariga aʼlohida eʼtibor qaratildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha tomonlar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirishga qatʼiy ishonch bildirishdi.