O‘zbekistondagi birinchi ilg‘or muhandislik maktabi Olmaliqda tashkil etildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezidentimiz tashabbusi bilan MISiS Fan va texnologiyalar universiteti va OKMK hamkorligida “GeoMetTex” ilg‘or muhandislik maktabi tashkil etilmoqda.
Ayni kunlarda poytaxtimizda o‘tkazilayotgan Rossiya va O‘zbekiston o‘rtasidagi savdo-sanoat hamkorligining muhim tadbiri - "INNOPROM. Markaziy Osiyo" V Xalqaro sanoat ko‘rgazmasi davomida MISiS Fan va texnologiyalar universiteti rektori Alevtina Chernikova va "Olmaliq kon-metallurgiya kombinati" AJ boshqaruv raisi Abdulla Xursanov o‘rtasida mazkur maktab faoliyatini tashkil etish bo‘yicha bitim imzolandi.
“GeoMetTex” ilg‘or muhandislik maktabini tashkil etishdan asosiy maqsad O‘zbekiston Respublikasi sanoat majmuasini, shu jumladan, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatini yangi bilim va ko‘nikmalarni qo‘llagan holda tarmoqlarni istiqbolli rivojlantirishning strategik vazifalarini hal etishga qodir bo‘lgan yuqori malakali muhandis mutaxassislar bilan taʼminlashdan iborat
Ilg‘or muhandislik maktabida “Kon ishi va boyitish”, “Nodir, noyob, kamyob yer va og‘ir metallar metallurgiyasi”, “Raqamli materialshunoslik va yangi texnologiyalar”, “Texnologik jarayonlarning raqamli transformatsiyasi” kabi asosiy yo‘nalishlar qamrab olinadi.
O‘qitish 2025-yil 1-sentyabrdan “Metallurgiya” taʼlim dasturi bo‘yicha boshlanadi. 2025/2026 o‘quv yilida magistratura talabalari ikkita yo‘nalishni tanlashlari mumkin bo‘ladi: "Foydali qazilmalarni boyitish" va "Texnologik jarayonlarni raqamli boshqarish". Kelgusida dasturlar ro‘yxati kengaytiriladi.
Ilg‘or muhandislik maktabi murakkab texnik muammolarni hal qilishga, innovatsion fikrlashga, yangi texnologiyalarni o‘rganish va ishlab chiqishga tayyor mutaxassislarni tayyorlaydi.
Talabalar magistraturaning birinchi kursidan boshlab ishlab chiqarishning muammoli masalalarini tadqiq qilishni boshlaydilar va keyinchalik natijalarni muayyan korxonada joriy etadilar.
Ilg‘or muhandislik maktabida barcha zarur zamonaviy o‘quv laboratoriya jihozlari bilan taʼminlagan "Virtual sinov laboratoriyasi", "Yangi materiallar va texnologiyalar laboratoriyasi", "Kon uskunalarini avtomatlashtirish va taʼmirlash laboratoriyasi", “Loyiha-konstruktorlik byurosi” kabi maxsus ilmiy-taʼlim maydonlarini jamlagan taʼlim fabrikasi ham bo‘ladi.
MISiS Fan va texnologiyalar universiteti rektori Alevtina Chernikova: - "2022-yilda MISiS universiteti yetakchi yuqori texnologiyali kompaniyalar bilan hamkorlikda mutaxassislar tayyorlash markazlari - ilg‘or muhandislik maktablarini rivojlantirish dasturlarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha federal tanlov g‘olibi bo‘ldi. "Materialshunoslik, additiv va uzluksiz texnologiyalar" nomli ixtisoslashtirilgan maktabimizda sanoat hamkorlarimiz bilan birgalikda taʼlim dasturlarini yaratmoqdamiz, kun tartibini shakllantirayapmiz. Oliy taʼlim muassasamizning eng yaxshi taʼlim va tadqiqot amaliyoti xalqaro loyihalarni amalga oshirishda ommalashtirilmoqda.
2024-yil may oyida O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev universitetning Olmaliq filiali negizida ilg‘or muhandislik maktabini ochishni qo‘llab-quvvatladi va biz ushbu tashabbusni amalga oshirishga kirishdik. Rossiya Federatsiyasi Fan va taʼlim vazirligining topshirig‘iga binoan oliygohimiz OKMK bilan birgalikda “GeoMetTex” IMMni tashkil etish bo‘yicha yo‘l xaritasi ishlab chiqildi. Ilg‘or muhandislik maktabida Respublika iqtisodiyoti uchun yuqori malakali kadrlar tayyorlanadi."
Ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini yana-da chuqurroq tushunish hamda “Olmaliq KMK” AJ va umuman tarmoqning ilmiy, texnologik, konstruktorlik vazifalarini hal etish uchun ishchi kasblarni qo‘shimcha o‘zlashtirish ham maktabning taʼlim modelidagi asosiy xususiyatlaridan hisoblanadi.
Yana bir eʼtiborli jihati taʼlim jarayonini boshlash bilan talabalarni Olmaliq kon-metallurgiya kombinatiga ishga joylashtirish imkoniyati ham ko‘zda tutilgan.