O‘zbekistonda xotin-qizlarning fan va ta’limdagi faolligi oshib bormoqda: natijalar va istiqbollar
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Jamiyatda xotin-qizlarning faolligini oshirish, ularni qo‘llab-quvvatlash, xususan ilm-fanga yo‘naltirish, g‘oya va tashabbuslarini rag‘batlantirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo‘nalishlaridan sanaladi.
So‘nggi yillarda mamlakatimizda olib borilgan tub islohotlar natijasida turli sohalarida, xususan ilm-fan va ta’lim yo‘nalishida samarali mehnat qilib kelayotgan xotin-qizlar soni sezilarli darajada ortdi.
Joriy yilning 5-mart kuni Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan 8-mart – Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan respublikadagi oliy taʼlim va ilmiy tashkilotlarning ilmiy ishlar hamda innovatsiyalarga masʼul rahbar ayollari ishtirokida bayram tadbiri tashkil etildi.
Unda bildirilishicha, keyingi paytda yurtimizda ilm-fan va taʼlim sohasida olib borilayotgan islohotlar natijasida xotin-qizlar ushbu yo‘nalishda ham katta natijalarga erishmoqdalar. So‘nggi besh yilda o‘z sohalari bo‘yicha 5 791 nafar ayollarimiz, jumladan 732 nafari fan doktori (DSc) va 5059 nafari falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olgan. Birgina 2024-yilning o‘zida 212 nafar xotin-qiz fan doktori, 1 398 nafari esa falsafa doktori ilmiy darajasiga erishgan. Hozirgi kunda ilm-fan sohasida jami 5 mingga yaqin olima ayollarimiz faoliyat ko‘rsatmoqda. Oliygohlarda esa 14 mingdan ziyod opa-singillarimiz pedagogika va ilmiy tadqiqot yo‘nalishida ish olib bormoqda.
Shuningdek, “Olima ayollar” tashabbuskor amaliy hamda innovatsion ilmiy loyihalar tanlovida 2021-yilda loyihalar soni 111 tani tashkil etgan bo‘lsa 2024- yilda bu ko‘rsatgich 342 taga yetdi. Shu raqamlarning o‘zi ham bugun mamlakatimizda ilm-fan yo‘nalishida izlanishlar olib borayotgan xotin-qizlarning safi tobora kengayib borayotganini ko‘rsatadi.
Tadbir davomida ilm-fan taraqqiyoti va yurtimiz ravnaqi yo‘lida fidokoronamahnat qilib kelayotgan xotin-qizlarga tashakkurnoma va esdalik sovg‘alari topshirildi.