O‘zbekistonda xalqaro brend tovarlarini import qiluvchilar reyestri yuritish tartibiga o‘zgarish kiritildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda xalqaro brendlarning ayrim turdagi tovarlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri huquq egalari yoki ularning vakolatli yetkazib beruvchilari (rasmiy distribyutorlar, dilerlar, ishlab chiqaruvchilarning savdo vakillari, ularning distribyutorlari va litsenziyatlari) bilan tuzilgan shartnomalar asosida import qiluvchilar reyestrini shakllantirish va yuritish tartibiga o‘zgarishlar kiritildi. Bu haqda O‘zbekiston Bojxona qo‘mitasi xabar berdi.
Brendning bozorda mavjudligini majburiy tasdiqlash muddati besh yildan uch yilga qisqartirildi.
Brendlar sohasidagi qonunchilik normalarini yagona qilish maqsadida hujjatlarda ayrim davlatlar nomlari o‘rniga mintaqalar nomlari kiritildi.
Xususan, ro‘yxatdan Yaponiya va BAA kabi davlatlar chiqarilib, o‘rniga Yaqin Sharq va Sharqiy Osiyo mintaqalari kiritildi.
Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 1 yanvardan boshlab, O‘zbekistonga xalqaro brendlarning ayrim toifadagi tovarlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri brend egalari yoki ularning vakolatli yetkazib beruvchilari bilan tuzilgan shartnomalar asosida import qilishda bojxona bojlarining pasaytirilgan stavkalari qo‘llaniladi.