O‘zbekistonda Temu marketpleysi bloklanishi mumkin
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda 2024 yildan beri faoliyat yuritayotgan Temu marketpleysi bloklanishi mumkin. Bu haqda Istikbolli loyixalar milliy agentligi elektron tijoratni rivojlantirish va tartibga solish boshqarmasi rahbari Kamronbek Muhammadiyev maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Temu hanuzgacha O‘zbekistonda rasmiy litsenziya olmagan va uni rasmiylashtirish uchun hech qanday urinish qilmagan. Shu sababli yaqin vaqt ichida platformaga kirish cheklanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 2024 yil dekabrda Vazirlar Mahkamasi elektron tijoratni tartibga solish bo‘yicha yangi qoidalarni tasdiqlagan. Ular 2025 yil 1 iyuldan kuchga kiradi.
Yangi talablar marketpleyslar, buyurtma agregatorlari, raqamli striming servislari hamda kuryer va taksichilar kabi o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarga taalluqlidir.
Yangi qoidalarga ko‘ra:
Har qanday marketpleyslar, agregatorlar va striming platformalar O‘zbekistonda yuridik shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tishi shart.
Moliyaviy operatsiyalar, jumladan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxslarning daromadlari maxsus bank hisobvaraqlari orqali amalga oshirilishi lozim.
Barcha elektron tijorat subyektlari reyestrda ro‘yxatdan o‘tishi va faoliyatini rasman xabar berish asosida yuritishi talab qilinadi.
#Temu