O‘zbekistonda raqobatga oid qonunbuzarliklar sabab 43 mlrd so‘mlik tenderlar bekor qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqobat qo‘mitasi tomonidan 43,0 mlrd so‘mga yaqin davlat xaridlarida raqobatga zid harakatlar aniqlanib, buyurtmachilar tomonidan bekor qilinishi taʼminlandi
Jumladan,
Andijon viloyati
Andijon viloyati Ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi (11,0 mln so‘m) tomonidan "Choyshab va ko‘rpa xaridi" bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda ishtirokchilar noxolis baholangani aniqlangan. O‘rganish davomida tanlov savdosi buyurtmachi tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilindi.
Jizzax viloyati
Viloyat futbol akademiyasi (1 760,0 mln so‘m) tomonidan “Autsorsing xizmati bo‘yicha” o‘tkazilgan tanlovda raqobatni cheklovchi talablar belgilanganligi aniqlangan. Qonunbuzilish holatlari buyurtmachi tomonidan savdoni bekor qilish orqali ixtiyoriy ravishda bartaraf etilganligi bois qo‘zg‘atilgan ishni qo‘rib chiqish tugatildi.
Qashqadaryo viloyati
Qamashi tuman obodonlashtirish boshqarmasi (1 148,0 mln so‘m) tomonidan "Avtogreyder xaridi" bo‘yicha o‘tkazilgan tanlovda baholash mezonlari yo‘qligi va ishtirokchilar noxolis baholanganligi holatlari kuzatilgan. O‘rganish davomida ushbu tanlov buyurtmachi tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilinishiga erishildi.
Samarqand viloyati
8 ta davlat buyurtmachilari (Paxtachi tuman obodonlashtirish boshqarmasi, "SAMARQAND AVTOMOBIL ZAVODI" MCHJ, Narpay tuman ixtisoslashtirilgan maktab, Samarqand HUJFK, Paxtachi tuman maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi, “O‘zyo‘lko‘prik” klasterining Samarqand filiali, “Ozodlik” DM, Paxtachi tuman 2-son kasb-hunar maktabi va Bulung‘ur tuman maktabgacha va maktab taʼlimi bo‘limi) tomonidan o‘tkazilgan 12,4 mlrd so‘mlik tanlovlarda raqobat qonunchiligiga zid holatlar aniqlandi. O‘rganish davomida ushbu tanlov savdolari buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilinib, qonunbuzilish holatlari bartaraf etilishiga erishildi.
Xorazm viloyati
Bog‘ot tumanidagi ixtisoslashtirilgan sport maktab-internati (1 438,0 mln so‘m), Urganch tumani hokimligi (43,7 mln so‘m) va Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali (29,8 mln so‘m) tomonidan o‘tkazilgan tanlovlarda raqobat qonunchiligiga zid holatlar aniqlanib, hududiy boshqarmaning ogohlantirish xatlariga asosan ushbu tanlov savdolari buyurtmachilar tomonidan ixtiyoriy ravishda bekor qilinishiga erishildi.
Toshkent shahri
“Texnik meʼyorlash instituti”, “Uzbekistan Airways” AJ, “Xalq banki” ATB, "Biznesni rivojlantirish banki" ATB, “FK Bunyodkor” MCHJ, “Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi AT markazi” kabi o‘ndan ortiq davlat buyurtmachilari tomonidan o‘tkazilgan umumiy boshlang‘ich narxi 25 731,4 mln. so‘m bo‘lgan tanlov (tender) savdolarida raqobatga zid holatlar kuzatildi.
Hududiy boshqarma Maxsus komissiyasi tomonidan mazkur buyurtmachilarga nisbatan ishlar qo‘zg‘atilib, ularni ko‘rib chiqish davrida buyurtmachilar tomonidan savdolarni bekor qilinishiga erishildi.