Valyuta kurslari 11/07/2025
$1 – 12634.34
UZS – -0,15%
€1 – 14821.34
UZS – -0,01%
₽1 – 162.37
UZS – 0,3%
Qidirish
O‘zbekiston 12/07/2025 O‘zbekistonda pasport rejimi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar yengillashtirildi

O‘zbekistonda pasport rejimi qoidalarini buzganlik uchun jarimalar yengillashtirildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2025 yil 11 iyul kuni «O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni yashash va bo‘lish joylari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish to‘g‘risida»gi Qonunni imzoladi.

Ushbu hujjat maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksga bir qator o‘zgartishlar kiritadi. Xususan, pasport rejimi va mamlakat hududida bo‘lish qoidalarini buzganlik uchun jarima miqdorlari aniqlashtirildi va yengillashtirildi. Yangi qoidalar Qonun imzolangan paytdan boshlab kuchga kirdi.

Jumladan, Kodeksning 223-moddasiga o‘zgartish kiritildi:

O‘zbekiston fuqarosining pasportisiz yoki ID-kartasiz yashashi, yoxud muddati tugagan va almashtirilishi lozim bo‘lgan hujjatlar bilan yashashi, shuningdek, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning ID-kartasiz (yaʼni yashash guvohnomasisiz) yoki amalda bo‘lmagan hujjatlar bilan yashashi — ½ asosiy hisoblash miqdori (AHM) miqdorida jarima bilan jazolanadi. Ilgari bu jarima ½ dan 3 AHMgacha bo‘lgan. Agar ushbu qonunbuzarlik bir yil davomida takrorlansa, jarima miqdori 3 AHMni tashkil etadi (ilgari 5 AHM edi).

Pasport, ID-karta yoki xorijiy pasportni yo‘qotish yoki shikastlantirish, shuningdek, xorijiy fuqarolar va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga tegishli hujjatlarga nisbatan shunday holatlar uchun yagona jarima belgilandi — 1 AHM. Ilgari bu jarima ½ dan 3 AHMgacha oraliqda edi. Agar ushbu huquqbuzarlik bir yil ichida takrorlansa, 5 AHM miqdorida jarima qo‘llaniladi.

Yashash yoki bo‘lish joyi bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tmasdan yashash uchun jarima miqdori endi 3 AHMni tashkil etadi (ilgari ½ dan 3 AHMgacha edi), takroriy qoidabuzarlik uchun — 5 AHM.

Fuqarolar yoki xorijliklarni hujjatsiz yoki ro‘yxatdan o‘tkazmasdan o‘z uylarida yashashga yo‘l qo‘ygan shaxslar, avvalgidek, 5 AHM miqdoridagi jarimaga tortiladi. Agar bu holat takrorlansa — jarima 10 AHMgacha oshiriladi.

Qonun shuningdek, maʼmuriy javobgarlikdan ozod etiladigan fuqarolar toifasini belgilaydi:

– 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar;

– 60 yosh va undan katta yoshdagi shaxslar;

– to‘liq davlat taʼminotidagi shaxslar;

– favqulodda holatlar, tabiiy yoki texnogen halokatlar, maishiy falokatlar (yongin, uy-joyning vayron bo‘lishi va h.k.)dan jabrlanganlar;

– sud tomonidan hujjatlari vaqtincha to‘xtatilgan ayblanuvchilar va sudlanuvchilar;

– jazoni o‘tayotgan yoki ozod qilingach bir oy ichida hujjatlarni tiklash uchun murojaat qilgan shaxslar;

– ularga nisbatan jinoyat sodir etilgani oqibatida hujjatlarini yo‘qotgan shaxslar;

– xizmat yoki fuqarolik burchini ado etishda, shuningdek, favqulodda holatlar yoki zarur mudofaa natijasida hujjatlarini yo‘qotgan shaxslar — tegishli tasdiq bo‘lgan hollarda.

Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 223-3-moddasiga muvofiq, pasport yoki ID-kartani garov sifatida berish uchun belgilangan jarima miqdori endi 2 AHMni tashkil etadi (ilgari 10 dan 15 AHMgacha bo‘lgan).

Pasport yoki ID-kartani noqonuniy tarzda olib qo‘yish uchun esa endilikda aniq jarima belgilandi — 10 AHM (avval 10 dan 15 AHMgacha edi).

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling