Valyuta kurslari 24/04/2025
$1 – 12890.43
UZS – 0,09%
€1 – 14720.87
UZS – -0,55%
₽1 – 156.04
UZS – -1,48%
Qidirish
Iqtisod 24/04/2025 O‘zbekistonda mayonez, soya sousi va xamirturush bozorlarida raqobat past: yangi loyihalar uchun salohiyat mavjud

O‘zbekistonda mayonez, soya sousi va xamirturush bozorlarida raqobat past: yangi loyihalar uchun salohiyat mavjud

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Antimonopoliya qo‘mitasi huzuridagi Raqobat siyosatini o‘rganish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish markazi ichki bozorning mahalliy mahsulotlar bilan to‘yinganlik darajasi, ishlab chiqarish hajmi, raqobat muhiti va import geografiyasini tahlil qildi.

Tahlil natijalariga ko‘ra, qator muhim tovar toifalarida to‘yinganlik darajasi past bo‘lib, mamlakatda yangi ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirish uchun keng imkoniyatlar mavjud.

Masalan, mayonez bozorini tahlil qilish shuni ko‘rsatdiki, hozirda respublikadagi 16 korxona 5,8 ming tonna mayonez ishlab chiqargan. Shu bilan birga, import hajmi 14,6 ming tonna, eksport esa 28,2 tonna bo‘lgan. Bozorda mahalliy mahsulotlar bilan to‘yinganlik darajasi 28,4% ni tashkil qilmoqda.

Soya sousi bozorida esa holat yana-da murakkab. Beshta korxona jami 154 tonna soya sousi ishlab chiqargan. Import hajmi 637 tonnani, eksport esa 15 tonnani tashkil qilgan. Bu bozorda to‘yinganlik darajasi bor-yo‘g‘i 19,8% ni tashkil etmoqda.

Makkajo‘xori kraxmali bozorida to‘yinganlik yana-da past. Uchta korxona 2,3 ming tonna mahsulot ishlab chiqargan bo‘lsa, import 23,5 ming tonna, eksport esa 138 tonna bo‘lgan. To‘yinganlik darajasi 9% ga teng.

Faollashtirilgan ko‘mirni uchta korxona ishlab chiqargan — 498 tonna. Import 2,5 ming tonnani, eksport esa atigi 1 tonnani tashkil qilgan. Bu bozorda to‘yinganlik darajasi 16,4% ni tashkil etadi.

Eng past ko‘rsatkich xamirturush bozorida kuzatildi. Respublikada faqat bitta korxona 21 tonna mahsulot ishlab chiqargan. Shu bilan birga, import 12,6 ming tonna, eksport esa 76 tonna bo‘lgan. To‘yinganlik darajasi atigi 0,2% ni tashkil qilgan.

Ushbu tahlil natijalari shundan dalolat beradiki, ko‘rsatilgan tovar turlari bo‘yicha mahalliy ishlab chiqarish salohiyati yetarli darajada emas. Shu bois, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish orqali import o‘rnini bosuvchi va eksportbop mahsulotlar yetishtirish mumkin.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling