O‘zbekistonda ilk bor unikal yurak jarrohligi amalga oshirildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Keyingi yillarda O‘zbekiston tibbiyoti jadal rivojlanmoqda. Buni yaqin-yaqingacha biz uchun orzu bo‘lib kelgan ko‘plab davolash usullari va murakkab jarrohlik amaliyotlari mahalliy mutaxassislarimiz tomonidan muvaffaqiyatli o‘zlashtirilayotgani ham tasdiqlaydi.
Xususan, kuni kecha Toshkent davlat tibbiyot universitetining bolalar ko‘p tarmoqli klinikasida yurtimiz tarixida ilk bor yangi turdagi operatsiya o‘tkazildi.
Gap shundaki, bolalar kardiojarrohi Bobur Turayev 6 yoshli bolaning zararlangan uch tabaqali klapanini olib tashladi, o‘rniga esa yurakning o‘ng bo‘lmachasi quloqchasidan klapan yasab o‘rnatdi.
Texnologik jihatdan murakkab hisoblangan ushbu jarrohlik amaliyoti mamlakatimizda birinchi bor o‘tkazilishidan tashqari, rivojlangan tibbiyot markazlaridagina bajarilishi bilan ahamiyatlidir.
Toshkent davlat tibbiyot universitetining bolalar ko‘p tarmoqli klinikasida joriy yilning o‘tgan 8 oyida tibbiyot fanlari nomzodi, bo‘lim mudiri Nodir Ibragimov boshchiligida 500 ga yaqin kardiojarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Bunda Bobur Turayevning ham alohida hissasi bor.
Maʼlumot uchun aytish kerakki, B. Turayev 2018 — 2019 yillarda “El-yurt umidi” jamg‘armasi stipendiati sifatida Buyuk Britaniyaning University College London universiteti magistratura bosqichida taʼlim olgan. U 10 ga yaqin rivojlangan davlatlar klinikalarida malaka oshirgan va 20 ga yaqin ilmiy maqolalar muallifi sanaladi. Yosh bo‘lishiga qaramay, ming nafardan ortiq bemor bolalarda yurak operatsiyalarini muvaffaqiyatli bajargan.