O‘zbekistonda Humo tokeni sinovdan o‘tkazilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda davlat obligatsiyalari bilan taʼminlangan yangi raqamli aktiv — Humo tokeni sinovdan o‘tkazilmoqda. Bu haqda shu nomdagi to‘lov tizimi matbuot xizmati xabar berdi.
Humo tokenining asosiy o‘ziga xosligi — uning milliy valyutaga bog‘langanligidadir. Davlat qarz majburiyatlari bilan to‘liq taʼminlangani tufayli u spekulyativ tebranishlarga chidamli bo‘lib, qiymatining barqarorligini taʼminlaydi.
Loyiha O‘zbekistonda kriptoaktivlar sohasida amaldagi qonunchilikka to‘liq muvofiq ravishda amalga oshirilmoqda. Uning ishlab chiqilishida bir qator strategik hamkorlar, jumladan, bugungi kunda mamlakat bo‘ylab 35 milliondan ortiq karta egalarini xizmat bilan taʼminlayotgan Humo to‘lov tizimi ishtirok etmoqda.
Humo‘ning tijorat banklari, savdo maydonlari va chakana tuzilmalar bilan keng integratsiyasi tufayli, tokenni kundalik muomalada keng joriy etish uchun zamin yaratilmoqda. Loyihaga Asterium va Broxus kompaniyalari texnikaviy asos yaratib bermoqda.
Loyiha texnologik jihatdan Broxus tomonidan ishlab chiqilgan Tycho blokcheyn-protokoliga tayanadi. U operatsiyalar yuqori tezlikda bajarilishi va tranzaksiya xarajatlarining kamligi bilan ajralib turadi, bu esa davlat miqyosidagi loyihalar uchun juda dolzarbdir.
Yangi tokenning afzalliklari qatorida:
oshkoralik,
tranzaksiyalarning yuqori tezligi,
operatsion xarajatlarning kamayishi qayd etilmoqda.
Token ommaviy blokcheyn asosida faoliyat yuritadi, yaʼni barcha operatsiyalar ochiq va shaffof qayd etiladi.
Humo to‘lov tizimi raisi Aleksey Maksimovning taʼkidlashicha, tokenning ishga tushirilishi aholida moliyaviy tizimga bo‘lgan ishonchni oshiradi, hisob-kitoblarni soddalashtiradi va qalloblik xatarlarini kamaytiradi.
Asterium bosh direktori Komilxuja Sultonov bu tashabbusni zamonaviy texnologiyalar kundalik hayotga kirib borayotgan yangi moliyaviy ekotizim poydevori sifatida baholadi.
Broxus asoschisi Sergey Shashev esa Tycho protokolida qo‘llanilayotgan yechimlarning ishonchliligi va xavfsizligi, hamda ularning xalqaro standartlarga to‘liq mos kelishini alohida taʼkidladi.