Valyuta kurslari 11/07/2025
$1 – 12634.34
UZS – -0,15%
€1 – 14821.34
UZS – -0,01%
₽1 – 162.37
UZS – 0,3%
Qidirish
Iqtisod 12/07/2025 O‘zbekistonda HUMO tokeni ro‘yxatdan o‘tkazildi

O‘zbekistonda HUMO tokeni ro‘yxatdan o‘tkazildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Milliy to‘lov tizimi HUMO O‘zbekiston Respublikasi davlat obligatsiyalari bilan taʼminlangan raqamli token — HUMO tokenini chiqarish bo‘yicha pilot loyihani ishga tushirdi.

Yangi aktiv — HUMO Digital sho‘ba korxonasi tomonidan emissiya qilinayotgan token — Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) huzuridagi yagona raqamli aktivlar reyestrida ro‘yxatdan o‘tkazildi. Unga taʼminot va uning saqlanishi yuzasidan nazorat Asterium kriptodepozitariyiga yuklatilgan.

HUMO tokeni O‘zbekistonning MDH davlatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarini mustahkamlashga xizmat qiluvchi innovatsion moliyaviy vosita sifatida taqdim etilmoqda. Davlat obligatsiyalari bilan taʼminlanganligi tufayli, ushbu aktiv barqarorlik darajasi yuqori bo‘lgan moliyaviy vosita bo‘lib, narx o‘zgaruvchanligi bilan bog‘liq tavakkalchiliklar minimal darajaga tushirilgan.

Loyiha xalqaro hisob-kitoblar uchun muqobil, ishonchli, shaffof va texnologik mexanizmni yaratishni ko‘zlagan. O‘zbekistonda moliyaviy infratuzilmaning rivojlangani va HUMO kartalarining keng tarqalgani (35 milliondan ziyod foydalanuvchi) inobatga olinsa, mazkur vosita xalqaro to‘lovlarni soddalashtirish hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishda muhim rol o‘ynashi mumkin. Bu, jumladan, Rossiya bilan hamkorlik qiluvchi biznes-strukturalar uchun ham foydali bo‘ladi.

«Milliy banklararo protsessing markazi» AJ boshqaruvi raisi vazifasini bajaruvchi Maqsad Muxitdinovga ko‘ra, HUMO tokenining emissiya qilinishi mamlakatning to‘lov ekotizimini raqamlashtirish jarayonining mantiqiy davomi hisoblanadi. U taʼkidlashicha, ushbu qadam milliy moliya tizimiga ilg‘or blokcheyn yechimlarini joriy etishga, shu bilan birga xavfsizlik va huquqiy meʼyorlarga rioya qilishga yo‘naltirilgan.

Asterium kriptodepozitariyi direktori Komilxo‘ja Sultonov esa, loyiha faqat innovatsiyalarni joriy etish bilan cheklanmasdan, balki shaffof va barqaror moliyaviy muhitni shakllantirishga ham xizmat qilishini bildirdi. Uning fikricha, ushbu tashabbus O‘zbekistonda raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish uchun yangi yo‘nalishlarni ochib beradi va Asterium‘ni raqamli moliya sohasidagi texnologik yetakchi sifatida mustahkamlaydi.

Loyihaning birinchi bosqichida tokenni hisob-kitob va integratsion operatsiyalarda, jumladan, biznes va chakana foydalanuvchilar ishtirokida qo‘llash ssenariylari ishlab chiqiladi. Kelgusida esa — tokenni raqamli birjalarda joylashtirish (listing), mavjud to‘lov yechimlari bilan integratsiyalash va elektron tijorat hamda xalqaro tranzaksiya sohasida faoliyat yurituvchi kompaniyalar uchun uning funksiyalarini kengaytirish rejalashtirilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling