O‘zbekistonda chegara-bojxona postlariga yengil avtomobillarni skanerlash uchun inspeksiya majmualari o‘rnatilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda ilk bor chegara-bojxona postlariga yengil avtotransport vositalarini skanerlovchi inspeksion ko‘rik majmualari o‘rnatilmoqda.
Jumladan, shu kunlarda “Navoiy” chegara bojxona postida AQSHlik mutaxassislar ishtirokida ushbu qurilmani o‘rnatish ishlari yakunlanmoqda.
Bu esa 2025 yil 1 sentyabrdan boshlab “G‘ishtko‘prik”, “Zangiota” va “Dovut ota” chegara o‘tkazish punktlarida avtotransport vositalari uchun xavflarni boshqarish tamoyillariga asoslangan “yashil” va “qizil” - ikki yo‘lakli tizim to‘laqonli ishga tushishiga xizmat qiladi.
Bu kabi qurilmalar nafaqat Markaziy Osiyoda, balki MDH mintaqasida ilk bor O‘zbekistondagi chegara bojxona postlariga o‘rnatilmoqda.
AQSHning nufuzli “Rapiscan” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan mazkur majmua orqali soatiga 220 tagacha avtotransport vositalarini skanerlash mumkin.
Joriy yilning o‘zida bu kabi qurilmalar “Sirdaryo” va "Dovut ota" chegara bojxona postlariga ham o‘rnatiladi.